Gulruxbegim Tohirjonova / Foto: Oilaviy arxiv

Kun.uz’ning Farg‘onadagi muxbiri Fayzullo Sultonov shaxmatchi qiz Gulruxbegim Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan bog‘landi. Alisher Mo‘minov ayni kunlarda betobligi sababli, davolanish muolajasida ekanligi, qanday ma'lumot kerak bo‘lsa telefon orqali berishi mumkinligini bildirdi.

Grossmeyster qizlarning otasidan internetdagi gap-so‘zlar qanchalik darajada xaqiqatga yaqinligi so‘raldi.

«Bu qaror qizimning o‘zidan chiqdi. U 21 yoshga to‘ldi. Mustaqil fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qiladigan yoshga yetib keldi. Men ota sifatida uning qarorini qo‘llab-quvvatladim. Endilikda qizim [Gulruxbegim Tohirjonova] AQShning Missuri universiteti jamoasi safida dona suradi va bundan keyin xalqaro musobaqalarda Amerika Qo‘shma Shtatlari sharafini himoya qiladi.

Bir narsani alohida ta'kidlamoqchiman, qizim fuqaroligini o‘zgartirgani yo‘q. U — O‘zbekiston fuqarosi. Faqatgina shaxmat bo‘yicha musobaqalarda Qo‘shma Shtatlar nomidan qatnashadi», — dedi shaxmatchi qizning otasi Alisher Mo‘minov.

Otasining aytishicha, Gulruxbegim Tohirjonova hozir Missuri universitetida tahsil olmoqda. Buning uchun unga barcha sharoitlar yaratib berilgan.

«Amerika davlati qizimning olti oylik o‘qishi uchun 150 ming dollar mablag‘ ajratgan. Malakali murabbiylar bilan ta'minlangan. Uning musobaqalarga borish xarajatlari ham to‘liq shu davlat tomonidan qoplanadi», — dedi A.Mo‘minov.

Biz suhbatdoshimiz Alisher Mo‘minovdan qolgan ikki qizi — Gulruxbegimning opalari Nafisa Mo‘minova, Hulkar Tohirjonovaning kelgusidagi faoliyati xaqida ham so‘radik.

Nafisa Mo‘minova / Foto: Uzreport.news

«Nafisa qizim ayni kunlarda Yevropada, shaxmat klublaridan birida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ular ham hozir O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari emas. O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi Nafisani ham, Hulkarni ham terma jamoadan chiqarib tashlagan. Qizlarimdan biri tug‘ruq ta'tilidan so‘ng terma jamoaga qaytmoqchi bo‘ldi. Biroq federatsiya bunga unamadi», — dedi Alisher Mo‘minov.

Ota o‘zi va qizlari O‘zbekiston sportidagi korrupsiya va tanish-bilishchilikdan bezib qolishganini ta'kidlab o‘tdi.