21:47 / 21.01.2021
13873
Mo‘g‘uliston bosh vaziri va hukumati ko‘zi yorigan ayol yupun holda shifoxonaga yetkazilgani sababli iste'foga chiqdi

Mo‘g‘uliston parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan bosh vazir Uxnaagiyn Xurelsux va uning hukumatining iste'fosini qabul qildi. Bunga ko‘zi yorigan ayolning sovuq havoda yupun holatda tug‘uruqxonadan boshqa shifoxonaga yetkazilgani sabab bo‘lgan.

Uxnaagiyn Xurelsux / Foto: Anadolu Agency

Parlament deputatlaridan birining ta'kidlashicha, bosh vazirning o‘z ixtiyoriga ko‘ra iste'foga chiqishi mamlakat tarixida joriy konstitutsiya qabul qilingan 1992 yildan beri ilk bor yuz berdi. Ma'lum qilinishicha, iste'foga ketgan hukumat 2020 yil iyulidagina shakllantirilgan edi. Hukmron partiya bosh vazir lavozimiga nomzodni 22 yanvarda e'lon qiladi.

20 yanvarda bosh vazir dastlab hukumatni iste'foga jo‘natishni taklif qilgan, so‘ngra o‘zi ham o‘z lavozimini tark etishga tayyorligini bildirgan. Bunga esa ko‘zi yorigan ayolning koronavirusga chalinganlar shifoxonasiga yupun holatda ko‘chirilgani ortida chiqqan mojaro sabab bo‘lgan.

19 yanvarda ijtimoiy tarmoqlarda endigina ko‘zi yorigan ayol va uning bolasi yuqumli kasalliklar milliy tadqiqot markaziga ustki kiyim va poyabzalsiz hamda himoya vositalarisiz ko‘chirilgani tasvirlangan video tarqalgan. Ayol markazga unda koronavirus aniqlangani sababli ko‘chirilgan. 

Ulan-Batorda norozilik aksiyasi
Foto: ikon.mn

20 yanvarda poytaxt Ulan-Batorda ushbu holat yuzasidan norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tgan. O‘sha kuniyoq sog‘liqni saqlash vaziri Togtmolin Munxsayxan, bosh vazir o‘rinbosari va koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha davlat komissiyasi rahbari Yangugiyn Sodbaatar iste'foga chiqishga ariza bergan.

Bosh vazirning fikricha, norozilik namoyishlarini tashkillashtirishda prezident Xaltmaagiyn Battulga ham ishtirok etgan. Iste'fosini e'lon qilgan Xurelsuxa boshqa siyosat bilan shug‘ullanmoqchi emasligini aytgan. 

Top