20:51 / 24.01.2021
38891
Streyzand effekti: Fotomuxbir o‘chirishga majbur bo‘lgan rasmlarni blogerlar aylantirmoqda

Fotomuxbir Madina Nurman hukumatning ikki a'zosini ish vaqtida tasvirga tushirib, kanaliga joylagan edi. Biroz vaqt o‘tib, u ikkala rasmni ham o‘chirishga majbur bo‘lganini ma'lum qildi.

Skrinshot: Bosim ostida o‘chirilgani aytilayotgan postdagi birinchi surat

Daryo.uz fotomuxbiri Madina Nurman Buxoro shahriga xizmat safari chog‘ida bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev aks etgan ikki fotosuratni 23 yanvar kuni o‘z Telegram-kanalida e'lon qildi va ko‘p o‘tmay, rasmni o‘chirishga majbur bo‘lganini bildirdi.

«Rasmlar o‘chdi, afsuski. Shuhrat G‘aniyevning yonidagi vazir boshqa olinmaydi rasmga kanal muallifi tomonidan. Internetdan olamiz xabarlarimizga kerak bo‘lib qolsalar. Ming bor uzr!» – deya izoh qoldirdi Madina Nurman.

Skrinshot: Bosim ostida o‘chirilgani aytilayotgan postdagi ikkinchi surat

Shundan so‘ng O‘zbekistondagi ko‘plab blogerlar fotosuratchiga bosim bo‘lgan degan taxminda bu suratlarni o‘z kanallariga post qilib qo‘yib, ulasha boshladi.

Taniqli huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev suratdagi ikkala amaldor ham prezidentning Buxoroga tashrifi vaqtida davlat rahbaridan ogohlantirish olganiga e'tibor qaratdi.

«Nima uchundir ushbu suratlar Madina Nurman kanalidan o‘chirtirilibdi, o‘shanchun atayin o‘zimga joylab qo‘ydim, ikkinchi marta ko‘ngli o‘ta nozik amaldorlarimiz nimanidir o‘chirtirishdan oldin sal aqlini ishlatib, o‘ylab ko‘rishsin», deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Bloger Shahnoza Soatova bu kabi harakatlar teskari ta'sir ko‘rsatishini ta'kidladi.

«O‘chirtirilgan har postki bor, rezonans beradi. Hayotda hamma narsa bo‘ladi, bir qarasang mashhur blogerlar maqtaydi, bir qarasang katta rahbardan tanbeh eshitasan. Ijtimoiy tarmoqda aks etaveradi bari. Lekin o‘chirtirish... Unaqa toqatsiz bo‘lmanglar, mana nima bo‘ladi buning oxiri eshitmaganlar eshitib, bilmaganlar biladi.

O‘chirtirilganlar o‘chmaydi qo‘lyozmalar yonmaydi!» – deb yozadi bloger Shahnoza Soatova o‘z kanalida.

Fotolar turli kanallarda aylana boshlagach, Madina Nurman barchaga o‘z tashakkurini bildirib, yana bir post joyladi. Unda, fotograf, jumladan shunday yozadi:

«Iltimos, matbuot kotiblari, o‘z ustingizda ishlang, OAV vakiliga har bitta yetkazib borayotgan gapingiz qanday effekt berishini o‘ylang, rahbarlaringizga tushuntiring, xorijiy nashrlar, xalqaro saytlarni ko‘proq kuzating, o‘qing, zamon qanday ekanini, media olamiga qanday talablar qo‘yayotganini biling, orqada qolib ketmang. O‘chirtirish oson, lekin aytilgan gap – otilgan o‘q. Uni qaytarib bo‘lmaydi, afsuski. Buyog‘i Streyzand effektiga aylanib ketishini o‘ylang».

Top