11:04 / 25.01.2021
9442

Toshkentda yangi tibbiyot markazi qurilmoqda. Loyihaga 8 gektar yer maydoni ajratilgan

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 8,1 gektarlik zamonaviy, talablarga to‘la javob beradigan ko‘p tarmoqli klinika qurilmoqda. 

Foto: KUN.UZ

Joriy yil 20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning ko‘rsatmasi bilan Mirzo Ulug‘bek tumanida qurilayotgan Ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga press-tur tashkil etildi.

Aholiga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni ta'minlash maqsadida barpo etilayotgan ushbu ko‘p tarmoqli klinikaning loyihalashtirish ishlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamda Rossiyaning «Ural kon-metallurgiya kompaniyasi» tomonidan amalga oshirildi.

2017 yilning 12 dekabr kuni «Ko‘p funksiyali tibbiyot markazi» MChJ QK va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ kapital qurilish direksiyasi o‘rtasida loyiha bo‘yicha barcha kompleks chora-tadbirlar yuzasidan bitim imzolandi. 2018 yil mart oyida o‘tkazilgan tender jarayoni natijalari bo‘yicha  loyihaviy yechimlarni mahalliy normativ hujjatlarga moslashtirish va davlat ekspertizasidan o‘tkazish «ToshuyjoyLITI» AJ kompaniyasiga topshirilgan. 

Loyihaning texnologik jihatlari uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuqori texnologik tibbiyot muassasalarini muvaffaqiyatli tatbiq etish tajribasiga ega bo‘lgan «KBV GmbH&Co.KG» ixtisoslashgan nemis kompaniyasi jalb qilingan.

Yangi tibbiyot muassasasida xodimlarni uzoq muddatli ish bilan ta'minlash bo‘yicha tadbirlar rejasini amalga oshirish boshlab yuborildi. Jumladan, Germaniya va Rossiyadagi xorijiy klinikalar, tibbiyot markazlarida tibbiyot xodimlari uchun o‘quv dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, 32 turdagi mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari, nodavlat tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash rejalashtirilgan. 

Germaniyaning beshta tibbiyot markazi uzoq muddatli ikki tomonlama hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Bu orqali tibbiyot xodimlari o‘rtasida sifatli tajriba almashish maqsadida memorandum imzolangan. Hamkorlik doirasida kardiologiya, kardiojarrohlik, intervension angio-kardiologiya, nevrologiya, endoskopiya, onkologiya, visseral jarrohlik, umurtqa jarrohligi, ortopediya, reabilitatsiya va boshqa shu kabi sohalarda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash maqsad qilingan.

Top