21:20 / 27.01.2021
3255
2021 yilda sog‘liqni saqlash sohalariga qancha mablag‘ ajratildi?

Joriy yil davomida Davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga 20,9 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu 2020 yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘proqdir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Moliya vazirligi axborot xizmati sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturida belgilangan tadbirlarning ijrosi uchun rejalashtirilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, joriy yilda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga oid tadbirlar uchun 20,9 trillion dollar ajratilishi rejalashtirilgan. Bu 2016 yilga nisbatan qariyb 3,5 baravar yoki 2020 yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘proqdir.

Shuningdek, davlat dasturlarida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, Sog‘liqni saqlash vazirligiga markazlashtirilgan tartibda 1,07 trillion so‘m yoki 2020 yilga (716,6 milliard so‘m) nisbatan 1,4 barobarga va 2016 yilga (79,1 mlrd. so‘m) nisbatan qariyb 13 barobarga ko‘p mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan:

1. Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilash maqsadida 14 milliard so‘m;

2. Onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish uchun 61,7  milliard so‘m;

3. Neyrosensor karlik yoki zaif eshitadigan 150 nafar bolalarda koxlear implantatlardan foydalangan holda operatsiyalar o‘tkazish uchun - 27,8 milliard so‘m;

4. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlashni vaksinalar bilan ta'minlash uchun 198,6  milliard so‘m.2020 yilga (131,6 mlrd.so‘m) nisbatan 1,5 barobarga ko‘proq.

5. Bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturining ijrosini ta'minlash uchun 44,3  milliard so‘m;

6. OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun  90,9 milliard so‘m;

7. Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish uchun 137,8 milliard so‘m;

 8. Aholiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish uchun 24,6  milliard so‘m;

9. Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun 35,4 milliard so‘m;

10. Sil va o‘pkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish kompleks chora-tadbirlari xarajatlari uchun 24,7  milliard so‘m;

11. Gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash uchun 91,4 milliard so‘m;

12. Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar uchun 28,9 milliard so‘m;

13. Yuqumli kasalliklarga, shu jumladan virusli gepatitlarga tashxis qo‘yish, ular profilaktikasi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar xarajatlari uchun – 14,2  milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

2020 yilda respublika bo‘yicha «Tez yordam»ga 11,5 millionga yaqin murojaat tushganligi ma'lum qilingandi.

Top