15:33 / 29.01.2021
14862
Ko‘p qavatli uyda yashovchilar avtoturargoh uchun qancha soliq to‘laydi?

2021 yilning 1 yanvaridan boshlab ko‘p qavatli uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtoturargohlar uchun soliq stavkasi avtoturargoh kadastr qiymatining 0,23 foizi miqdorida belgilangan.

Foto: Dreamstime

29 yanvar kuni AOKA da o‘tkazilgan brifingda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shodiyor Ahmedov avtoturargohlardan noqonuniy foydalanish holatlari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar asosida (419 modda 4-bandi) ko‘p qavatli uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtoturargohlar alohida kadastr organlari tomonidan ro‘yxatga olinadi va ularning alohida kadastr raqami va hujjatlari rasmiylashtiriladi.

Avtoturargoh uchun soliq stavkasi avtoturargoh kadastr qiymatining 0,23 foizi miqdorida belgilangan. Masalan avtoturarjoyning kadastr qiymati 11 million so‘m bo‘lsa, shundan 0,23 foiz stavkada 25 ming 300 so‘m yillik soliq to‘lanadi.

«Oldin ko‘p qavatli uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtoturargohlar uchun 2 foiz soliq stavkasi miqdorida, ya'ni noturar obektlar uchun belgilangan tartibda soliq undirilgan. Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra soliq miqdori 9 barobarga tushirildi», – dedi mutaxassis.

Shuningdek, bozorlar va ularga tutash joylarda hamda boshqa aholi gavjum joylarda tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan avtoturargohlar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatga olinib, nazorat kassa texnikasini o‘rnatishi ta'kidlandi. Agar avtoturargohda nazorat kassa texnikasidan xarid cheki bermaslik holati kuzatilsa, ushbu harakat uchun 5 million so‘m miqdorda jarima to‘lanishi mumkin.

Avtoturargohlar tomonidan hisobot yilida yoki o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshmagan taqdirda aylanmadan olinadigan soliqlar, 1 milliard so‘mdan daromadi yuqori bo‘lgan holatlarda belgilangan tartibda QQS, foyda solig‘i va boshqa soliq va to‘lovlarni to‘lash tizimiga o‘tkazilishi aytildi.

Qayd etilishicha, hozirda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan garajlar yer solig‘i va mol-mulk solig‘iga tortilmoqda.

Mazkur norma quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • turar joy hovlisida o‘zining avtomashinasi uchun joyni obodonlashtirishga qaror qilgan jismoniy shaxslarga;
  • yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini saqlash xizmatidan (pulli avto turargoh) foydalanuvchi jismoniy shaxslarga. Bunday holatda yuridik shaxs soliq to‘lovchi hisoblanadi.
Top