O‘zbekiston | 12:18 / 31.12.2020
26068
2 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan ko‘pqavatli uylar avtoturargohiga mashina qo‘ygan fuqarolar soliq to‘laydi

Ko‘p kvartirali uylarga bevosita bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq obektiga kiritilmoqda. Bunday obekt soliq bazasiga nisbatan 0,23 miqdoridagi soliq stavkasida soliqqa tortiladi.

Moliya vazirligi yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga 2021 yil 1 yanvardan kiritilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida axborot berdi. Hujjatning mol-mulk solig‘i bo‘yicha keltirilgan bandida ko‘p kvartirali uylar avtomashina turar joylari uchun soliq to‘lash tizimi joriy etilayotgani bildirilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Axborotda ko‘p kvartirali uylarga bevosita bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari (binoning nolinchi qavati (yerto‘la)dagi avto saqlash joyi) jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq obektiga kiritilayotgani, bunday obekt soliq bazasiga nisbatan 0,23 foiz miqdoridagi soliq stavkasida soliqqa tortilishi ma'lum qilingan.

Ushbu norma amaliyotda ko‘p kvartirali uylarning yerosti qavatida joylashgan avtomashina turar joylariga kadastr qiymati belgilangan holda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi sababli aniqlashtiruvchi xususiyatga ega.

Misol uchun, avtomashina turar joyining kadastr qiymati 12 mln so‘m miqdorida belgilangan bo‘lsa, ushbu qiymatga nisbatan 0,23 foiz miqdorida soliq stavkasi qo‘llaniladi. Natijada bir avtomashina turar joyi uchun jismoniy shaxslardan olinadigan yillik mol-mulk solig‘i 27 ming 600 so‘mni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, hozirda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan garajlar yer solig‘i va mol-mulk solig‘iga tortilmoqda.

Mazkur norma quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • turar joy hovlisida o‘zining avtomashinasi uchun joyni obodonlashtirishga qaror qilgan jismoniy shaxslarga;
  • yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini saqlash xizmatidan (pulli avto turargoh) foydalanuvchi jismoniy shaxslarga. Bunday holatda yuridik shaxs soliq to‘lovchi hisoblanadi.

Mavzuga oid