16:29 / 02.02.2021
5072
 Dunyoda koronavirus tarqalishi tezligi qariyb ikki baravarga pasaydi – JSST

Kasallanganlar soni ko‘pligi bo‘yicha dastlabki yigirmatalikdan o‘rin olgan aksariyat davlatlarda kasallik yuqtirish holatlari pasaymoqda.

Foto: Nicolas Economou/NurPhoto via Getty Images

JSST o‘tgan sutkada 444,5 mingta yangi holatni qayd etdi. Bu yil boshidan buyon qayd etilgan eng minimal ko‘rsatkichdir.  

TASSning yozishicha, kasallanganlar soni ko‘pligi bo‘yicha dastlabki yigirmatalikdan o‘rin olgan aksariyat davlatlarda kasallik yuqtirish holatlari pasaymoqda. AQShda o‘tgan sutkada 125,5 mingta holat qayd etilgan – bu yanvardagi eng yuqori ko‘rsatkichdan ikki baravarga kam. Braziliya, Kolumbiya va Argentinada kasallik yuqtirish holatlari ikki baravardan ko‘proqqa, Meksikada esa uch baravarga kamaygan. 

Yevropada ham deyarli barcha davlatlarda kasallik tarqalishi sur'ati pasaymoqda. Chexiyada yanvardagi maksimal ko‘rsatkichga nisbatan olti, Germaniyada to‘rt, Buyuk Britaniya, Polsha va Ukrainada uch baravardan ortiqroqqa kamaydi. Bundan faqat Fransiya va Ispaniya mustasno.

Hindistonda o‘tgan sutkada 8,6 mingga yaqin holat aniqlandi – bu o‘tgan yilning iyunidan buyon qayd etilgan eng kam ko‘rsatkich va sentyabrdagiga nisbatan 12 baravarga kam.

JSSTning ma'lumot berishicha, dunyo bo‘yicha kasallik yuqtirganlar soni 102,5 milliondan oshgan, 2,2 milliondan ortiq kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top