15:29 / 02.02.2021
5953
O‘zbek va yapon xalqlari do‘stligi ramzi – Internatsiya qilingan yaponlar muzeyi asoschisi bilan suhbat

Toshkent shahri Yakkasaroy ko‘chasi 20-uy. Bu manzilni Yaponiyaning O‘zbekistondagi bir parchasiga o‘xshatishadi. Chunki unda kunchiqar mamlakat xalqi vakillariga oid hujjatlar, ularning qo‘li bilan yasalgan buyumlar-u suratlar jamlangan. Gap shundaki, bu manzilda 1940 yillarda O‘zbekistonga internatsiya qilingan yapon askarlari xotira muzeyi joylashgan.

Muzey rahbari va uni ochish g‘oyasi muallifi – Jalil Sultonov. 80 yoshni qoralab qolgan Jalil otaning asl kasbi muhandislik. U qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekistondagi birinchi sport ustasi ham. Ammo taqdir taqozosi bilan hayotining katta qismini aynan O‘zbekistonda yashagan yaponlar xotirasini tiklashga bag‘ishlagan.

Kun.uz muxbiri Jalil ota bilan bu o‘ziga xos muzeyning yaralish tarixi haqida suhbatlashdi.

Jalil ota muzeyning kirish qismida. Sovuq ob-havo bois muzey binosida suv trubasi yorilgan, eksponatlar yig‘ib qo‘yilgan ekan.
Shu sababli muzeyni odatiy holida suratga olishning imkoni bo‘lmadi. Maqoladagi suratlar Jalil Sultonovning shaxsiy arxividan taqdim etilmoqda.

Ikkinchi jahon urushidan keyin sovet hukumati sobiq ittifoq davlatlari hududiga jami 600 ming nafar yapon askarlarini surgun qiladi. Shulardan 25 ming nafari O‘zbekistonga, xususan, 13 770 nafari Toshkent shahriga keltirilgan.

Ular maxsus lagerlarga joylashtirilib, majburiy mehnat ishlariga jalb qilingan.

1-suratda yaponlarning O‘zbekistonga olib kelinishi, 2-suratda ularning mehnat jarayoni aks etgan.

Jalil ota bu askarlarning xotirasini tiklashga bo‘lgan urinishlarini shunday izohlaydi:

«Qur'onda Alloh insonlarni yagona ota va onadan yaratgani, ular bir-birlarini o‘rganishlari uchun turli qabila va urug‘larga ajratilgani aytiladi. Bu chaqiriq mening yaponlar hayotini o‘rganishimga katta turtki bo‘lgan.

Yaponlar haqida birinchi bor 14 yoshimda eshitganman. Ro‘paramizdagi uyning qoq o‘rtasida yuqori kuchlanishli elektr tizimining bir ustuni o‘rnatilgandi. Bu ustunni 1947 yilda yaponlar o‘rnatgan bo‘lib, uyning egasi – do‘stimning otasi ular haqida ko‘p gapirib berar edi. Yana bir gal, bir yaponning qurilish vaqtida 15–20 metr balandlikdan yiqilib tushganda mahalliy xalq unga birinchi yordam ko‘rsatib, bosh yon qismiga piyoz ezib surtishgani, lekin u baribir vafot etganini eshitganman va juda hayajonlanganman. Keyinchalik talabalik davrimda ham yaponlar qurgan inshootlarning oldiga yo‘lim tushaverdi. Umuman, hayot yo‘lim aynan ularning yurtimizda bo‘lish davri bilan juda ko‘p kesishdi».

O‘zbekiston tarixining bir qismiga aylangan davr – yapon askarlarining bu yerda internatsiyada bo‘lishini o‘rganishga Jalil ota ko‘p qiziqadi, ammo arxivlarga kirish, hujjatlar bilan tanishishga qiyinchiliklarga duch keladi. Shuning uchun o‘z harakatlariga huquqiy maqom berish maqsadida 1994 yilda ko‘p tarmoqli «Aya» firmasini tashkil qiladi.

Yaponlar o‘z lagerlarida qovun-tarvuz yeyishmoqda

Sovet davrida yaponlarning O‘zbekistonda bo‘lishi bilan bog‘liq arxiv hujjatlari maxfiylashtirilgan. Mustaqillik yillaridagina ularni o‘rganish imkoni paydo bo‘ladi.

Jalil ota 1998 yilda ular haqidagi barcha ma'lumot-u esdaliklarni bir joyga jamlashga qaror qiladi va o‘z mablag‘lari hisobidan hovlisida muzey tashkillashtiradi.

«Asirlar orasida professional harbiylar umuman yo‘q edi»

O‘zbeklar o‘z ixtiyoriga qarshi vatanidan uzoqqa kelib qolgan yaponlarga juda iliq munosabatda bo‘lishgan. Yaponlar ham bu mehrga hurmat ramzi o‘laroq, o‘zbek oilalariga turli sovg‘alar berishgan. Muzeydan ular o‘zbek oilalariga yasab bergan tuli eksponatlar joy olgan. Unda sopol o‘yinchoqlar, belanchak, qaychi, qoshiq, portret va suratlar, stol kabi turli buyumlar bor.

Muzey eksponati
Yaponlar yasagan oyoq kiyim

«Yaponlar o‘z kasbining ustasi bo‘lishgan. Misol uchun, bir yapon o‘zbek oilasiga o‘z holicha uzoq tebranib turadigan belanchak yasab bergan ekan. Shu belanchakda 55 yil davomida oilaning farzand-u nevaralari katta bo‘lishadi. Oilaning otaxoni Rahmatilla Mahkamov keyinchalik bu belanchakni muzeyga taqdim qildi.

O‘zbek oilasi uchun yasalgan yapon belanchagi

Yaponlar Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, Muqimiy nomli musiqali drama teatri, Markaziy telegraf binosi, qog‘oz kombinati, «Tashselmash» zavodi, Aviatsiya zavodi, elektrokabel zavodi, Farhod GESi kabi inshootlar, shuningdek, yana ko‘plab binolar, yo‘llar, yuqori quvvatli elektr tarmoqlari qurilishida ishtirok etishgan.

Ahamiyatlisi, 1966 yilda Toshkentda bo‘lgan kuchli zilzila vaqtida ham yaponlar qurgan binolar jiddiy shikast ko‘rmagan», – deya xotirlaydi muzey egasi.

1948 yilda yaponlar qurilishida ishtirok etgan Angren non zavodi
Muzey eksponati

Jalil otaning aytishicha, asirga tushirilib, olib kelingan yapon askarlari orasida bir nafar ham professional harbiy bo‘lmagan ekan. Ularning barchasi urushga safarbar qilingan to‘quvchi, duradgor, kulol singari hunarmandlar bo‘lishgan. Ya'ni harbiylar singari emas, oilasi va qo‘shnilari bilan tinchlikda yashashni istovchi odamlar bo‘lishgan.

Shifobaxsh lag‘mon

2002 yilda muzeyga Okazaki shahridan Yasuo Odaki keladi. U ham o‘sha surgun qilingan yaponlar safida bo‘lgan. 1945–1946 yillarda u g‘isht zavodida, keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi teatrning qurilishida ishlagan. Toshkent shahriga kelganidan 1,5–2 oy o‘tib, u xastalanib qoladi. Shunda yaponlar yashayotgan baraklar ro‘parasida istiqomat qiluvchi Sarvara ismli bir o‘zbek qizi unga lag‘mon tayyorlab bergan ekan. Odaki aynan o‘sha lag‘monga qo‘shilgan mehr taftidan tuzalib ketganini xotirlaydi.

Sarvaraning bu yaxshiligini haligacha unutmagan Odaki Jalil otadan shu qizni topib berishini iltimos qiladi, unga minnatdorlik bildirmoqchi ekanini aytadi. Jalil ota Sarvarani topish uchun e'lon berib ham uning daragini qila olmaydi. Keyingi yillarda yana muzeyga kelgan Odaki esa o‘zbek qiziga minnatdorligini bildira olmaganidan afsuslanib qoladi.

Vatanga qaytish

Yaponlarni o‘z vataniga qaytarish jarayoni uzoq va bosqichma-bosqich davom etgan. Repatriatsiya 1956 yillarda yakunlangan. Bu voqea munosabati bilan Yaponiyaning Mayzuru shahrida repatriatsiya muzeyi ham tashkil etilgan.

Kichik GES suv oqavasi. Vatangan qaytishdan oldin olingan surat. 1949 yil
Mayzuru shahri, vatanga qaytish

Yaponlarning hammasiga ham o‘z vataniga qaytish nasib etmagan. Ulardan 812 nafari O‘zbekiston tuprog‘ida abadiy qolib ketgan.

1958 yilda Qo‘qon va Kogon shaharlaridagi maxsus qabristonlardan tashqari O‘zbekistondagi barcha yapon qabristonlarini yo‘q qilish bo‘yicha Moskvadan ko‘rsatma keladi. Ammo shunga qaramay, bu qabristonlar saqlab qolingan.

O‘zbekistondagi yaponlar qabristonlari

Jalil otaning aytishicha, sovet davlatlari bo‘ylab surgun qilingan yaponlar vataniga qaytarilgach, eng past o‘lim ko‘rsatkichi O‘zbekistonda bo‘lgan – 2,5 foiz. Yaponlar faoliyat ko‘rsatgan boshqa davlatlarda ular orasidagi o‘lim ko‘rsatkichi 15–20 foizgacha yetgan.

Imperator ordeni

2015 yilda Yaponiyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Sindzo Abe Toshkentga tashrifi davomida bu muzeyda bo‘ladi va Jalil Sultonovni Yaponiyaga taklif qiladi.

Sindzo Abening muzeyga tashrifidan lavha. Suratda chapdan o‘ngga: Jalil Sultonov, har ikki mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vazirlari – Shavkat Mirziyoyev va Sindzo Abe.

2016 yilda shu taklifga binoan Jalil Sultonov Yaponiyaga boradi, uni Sindzo Abening o‘zi qabul qiladi.

Jalil Sultonov nevarasi va rafiqasi bilan Sindzo Abening qabulida, Yaponiya

Jalil ota yapon harbiylarining xotirasini saqlash, ikki mamlakat do‘stligini rivojlantirish yo‘lida qilgan mehnatlari uchun 2016 yilda «Otayotgan quyosh, oltin va kumush nurlar» imperator ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, 2020 yilda O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan prezident farmoniga asosan «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Imperator ordeni
Jalil Sultonov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Nobuaki Ito ordenni topshirish marosimida

Jalil Sultonov muzey faoliyatini rivojlantirish istagida. U o‘z hovlisining bir qismida yapon arxitekturasi asosida inshoot qurdirib, muzeyni shu yerga ko‘chirmoqchi.

«Modomiki bu muzey yapon va o‘zbek xalqlarining do‘stligi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi bir parchasi ramzi ekan, u vizual jihatdan ham kunchiqar mamlakat nafasini eslatishi kerak», deydi u. Biz suhbatga borgan chog‘imizda qurilish ishlari allaqachon boshlab yuborilgandi.

Jalil ota hozir nafaqada. Muzey faoliyatini keyinchalik davom ettirish uchun o‘ziga izdosh tayyorlayapti – nevarasi Risolat bobosi bilan Yaponiyada Sindzo Abe qabulida bo‘lgach, bu mamlakatga, uning tarixi va madaniyatiga mehr qo‘ygan. U hozirda Toshkent davlat sharqshunoslik institutning yapon filologiyasi yo‘nalishida tahsil olmoqda. Muzeyga kelgan mehmonlar uchun asosiy ekskursovodlik vazifasini ham hozirda Risolat bajaryapti.

Saodat Abdurahmonova,
Kun.uz muxbiri

Top