00:31 / 04.02.2021
9898
Transport prokuraturasi yo‘l va ko‘priklar qurilishidagi jinoyatlar haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston transport prokuraturasi yo‘l qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar statistikasi bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Respublika transport prokuraturasi 2020 yilda yo‘l va ko‘prik qurilish sohasida budjetdan ajratilgan pullarni o‘zlashtirish holati bo‘yicha 40ga yaqin jinoyat ishi ochilgan. Yo‘llar qurilishidagi korrupsion holatlar bo‘yicha 11,5 mlrd so‘mlik davlat mulki talon-toroji fosh etildi.

2020 yil Transport prokuraturasi va yo‘l tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir necha qo‘shma qarorlar imzolandi. Shunga binoan, har bitta topshiriladigan obekt to‘g‘risidagi ma'lumot Transport prokuraturasi nazorati uchun berilishi kelishib olindi.

Bu – har bir topshiriladigan obektni o‘z vaqtida, sifatli qabul qilib olish, korrupsion holatlarni bartaraf etishga olib keladi.

Alisher Majidov

Shu bilan birga, 2020 yil davomida Transport prokuraturasi rahbariyati tomonidan har bir obektga chiqib yo‘llar ahvoli o‘rganildi. Mavjud holat qoniqarli emas.

Qonunchilikda ham bir necha kamchiliklar bor edi, ya'ni yo‘llarni qurishda ishlatiladigan davlat standartlari, yo‘riqnoma va qoidalari sobiq ittifoq davridagi standartlar bilan olib borilmoqda. Misol uchun, o‘sha paytlarda yo‘llar 14 tonnalik yuk mashinalariga moslashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda 80 tonnalik avtomobillar yo‘llarimizda yuribdi. Bu ham yo‘llar sifati tez buzilishi, ishdan chiqishiga olib keladi.

Shuning uchun bu borada takliflar berilgan va davlat standartlari o‘zgartiriladi», – dedi Transport prokuraturasi prokurori Alisher Majidov 3 fevral kungi matbuot anjumanida.

Matbuot anjumanida qatnashgan Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisining 1-o‘rinbosari Shuhrat Nazarov loyiha institutlari monopoliyasi tugatilgani, ochiq tender savdolari haqida gapirdi.

«2019 yil oxirida qabul qilingan prezident farmon va qarorlari bilan yo‘l xo‘jaligi tizimidagi manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf qilish bo‘yicha keskin qadamlar qo‘yildi. Bu yerda loyiha institutlari monopoliyasi to‘liq tugatildi. Ochiq tender savdolari orqali loyiha buyurtmalarini olish, ijrochi sifatida qatnashish mumkin.

Shuhrat Nazarov

Bundan tashqari, qurilish va ta'mirlash ishlariga Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tegishli tashkilotlarning tender savdolarisiz ishtirok etib, obektlarni qurib ta'mirlash huquqlari bor edi. Bu narsa farmon bilan bekor bo‘ldi», – dedi Shuhrat Nazarov.

«60 ming kilometrdan ziyod yo‘llar ta'mirtalab holatda» — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi

Ta'mirga muhtoj yo‘llarning qaysilari birinchi bo‘lib ta'mirlanishi qanday hal etiladi?

Top