20:30 / 07.02.2021
5069
O‘zbekiston GSP+ imtiyozlaridan foydalanishga tayyorgarlik boshlaydi

O‘zbekiston hukumati 2021 yilning 1 iyuniga qadar Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimiga doir imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha dastur ishlab chiqadi. Bu – 2021 yilgi davlat dasturiga kiritilgan.

Foto: Facebook / European Union in Uzbekistan

GSP+ dasturi Yevropa Ittifoqi bozorlariga rivojlanayotgan mamlakatlardan kelayotgan qishloq xo‘jaligi mollari va boshqa ayrim mahsulotlar eksportiga berilgan imtiyozlardir.

Dasturga to‘liq a'zo bo‘lgan davlat Yevropa Ittifoqi bozorlariga 3000ga yaqin mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz, 3200 turdagi mahsulotlarni esa pasaytirilgan stavkalar bo‘yicha eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

GSP+ dasturiga kirishdan manfaatdor mamlakat muayyan shartlarni bajarishi talab etiladi. Jumladan, inson huquqlari va asosiy mehnat standartlari sohasida 16 ta, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasida 11 ta – jami 27 xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilishi va samarali amalga oshirishi lozim.

Hozirda bu dasturga faqat 8 ta: Armaniston, Boliviya, Kabo Verde, Qirg‘iziston, Mongoliya, Pokiston, Filippin, Shri Lanka davlatlari to‘liq a'zo hisoblanadi.

O‘zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqining Umumiy imtiyozlar tizimi (GSP+) benefitsiari maqomini olish uchun ariza bergan.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va mahalliy mahsulotlarning Yevropa bozoriga kirib borish sharoitlarini yaxshilash maqsadida, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi GSP+ dasturiga to‘liq a'zo bo‘lish harakatlarini olib bormoqda.

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston talab qilingan 27 ta konvensiyaning hammasiga qo‘shilgan va imzolangan konvensiyalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqining majburiyatlarni bajarishga oid so‘rovnomasiga javob yo‘llangan.

2020 yil noyabrda Yevropa komissiyasi O‘zbekiston tomonidan (GSP+) preferensiyalar bosh tizimida plyus benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun yuborilgan ariza bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qildi.

Ma'lumot uchun, 1996 yilda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan «Sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risida»gi shartnoma o‘zaro aloqalarni tartibga soluvchi asosiy  hujjat hisoblanadi. Bu shartnomada O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Umumiy imtiyozlar tizimi (GSP)ga qabul qilingan.

2018 yil 1 iyuldan tomonlar o‘rtasida «to‘qimachilik protokoli» kuchga kirgan, shu orqali O‘zbekiston to‘qimachilik brendlarida o‘z mahsulotlarini Yevropaga sotish imkoniyati kengaygan.

Top