Iqtisodiyot | 18:00 / 04.09.2018
7578
3 daqiqa o‘qiladi

Nodir Otajonov: O‘zbekistonda to‘qimachilik klasterlari soni 50taga yetkaziladi

Bugungi kunda o‘zbek to‘qimachilik sanoati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni bir qancha xorijiy kompaniyalar bilan tuzilgan manfaatli shartnomalar va eksport salohiyatining o‘sganidan ham bilish mumkin.

Xususan, joriy yilning 1 iyulida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida to‘qimachilik protokoli tuzildi. Endilikda O‘zbekistonning taniqli to‘qimachilik brendlari Yevropa davlatlariga o‘z mahsulotlarini yetkazib berishadi. Bu esa sektorning yanada rivojlanishiga hamda eksport hajmi o‘sishiga o‘z hissasini qo‘shadi.  

Toshkentda 4 sentabr kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, ITECA Exhibitions kompaniyasi, Respublika Iqtisodiyot vazirligi hamda Respublika Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan Birinchi Xalqaro to‘qimachilik anjumanida soha istiqbollari xususida so‘z bordi. Xalqaro doirada soha vakillarini bir joyga to‘plashdan maqsad investorlarni jalb qilish va o‘zbek to‘qimachilik sanoati imkoniyatlarini keng tanishtirishdir. Anjumanda bir qancha diplomatik korpus a'zolari, biznesmen va xalqaro to‘qimachilik korxonalari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati raisi Nodir Otajonov tadbirda yurtimizda to‘qimachilik sanoatining bugungi holati to‘g‘risida gapirdi.

«To‘qimachilik sanoati har bir davlat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Paxta eksporti bo‘yicha yetakchi bo‘lgan mamlakatimiz uchun bu sfera ayniqsa juda ahamiyatlidir. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 7 mingdan ortiq to‘qimachilik korxonalari faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ularning 150tasi chet ellik hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan qo‘shma korxonalardir. Ushbu sektorda 100dan ko‘proq yirik kompaniyalar ish olib bormoqda. To‘qimachilik rivojiga 3 milliard dollardan ortiq miqdorda investitsiya kiritildi va uning 40 foizi xorij kapitalidir. Chet el sarmoyasining asosiy qismi Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Shveytsariya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Rossiyaga to‘g‘ri keladi. Eksport salohiyati oshib bormoqda. 2018 yil boshidan beri shu paytgacha 800 mln dollarlik mahsulotlar chet davlatlarga sotildi. Shuningdek, ayni paytda respublikada 15ta to‘qimachilik klasteri mavjud bo‘lib, keyingi yilda bu raqamni 50taga yetkazish rejalashtirilgan. To‘qimachilik sanoat zonalarini tashkil etib, u yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni yo‘naltiramiz. Bu borada hukumat barcha sharoitlarni yaratib beradi. Jumladan, bir qancha soliq imtiyozlari  qo‘llanadi», deya Otajonovning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Mavzuga oid