18:58 / 12.02.2021
1342
Qozog‘istonda «Sputnik V» vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazildi

Hozirgacha "Sputnik V" 27 mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Foto: Tatyana Makeyeva / Reuters

Qozog‘iston Rossiyaning koronavirusga qarshi "Sputnik V" vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi xabar berdi.

"Qozog‘iston "Sputnik V" vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazgan 27-mamlakat bo‘ldi", - deyiladi vaksina ishlab chiqaruvchining tvitterida.

Hozirgacha "Sputnik V" Rossiya, Belarus, Argentina, Boliviya, Serbiya, Jazoir, Falastin, Venesuela, Paragvay, Turkmaniston, Vengriya, BAA, Eron, Gvineya, Tunis, Armaniston, Meksika, Nikaragua, Serb Respublikasi, Livan, Myanma, Pokiston, Mongoliya, Bahrayn, Chernogoriya hamda Sent-Vinsent va Grenadinada ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Yanvar oyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonda "Sputnik V" vaksinasini tezkor sertifikatsiyalash masalasi ustida ishlanayotgani va vaksina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilayotgani haqida ma'lum qilgandi.

11 fevral kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi "Sputnik V"ni birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlash mumkinligi ma'qullangani to‘g‘risida xabar berdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top