13:56 / 14.02.2021
18910
«Ilm olish va universitetda o‘qishning farqi bor» - nufuzli oliygohga 300 ming dollar grant yutgan o‘zbek talabasi

Yusufbek Nasriddinov 20 yoshda. Andijon shahrida tug‘ilgan. 2019 yildan buyon Carnegie Mellon University in Qatar oliygohida grant asosida tahsil olib kelmoqda.

Yusufbekning «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida qanday qilib Qatardagi nufuzli universitetga 300 ming dollar grant yutib olgani, xorij oliygohlaridagi ta'lim, maqsadga erishishning muhim omillari xususida so‘z boradi.

«Ko‘lmakda turib okean haqida o‘ylashning iloji yo‘q»

Oliy ta'limni xorijda olishni istaganimning sabablari ko‘p. Eng asosiy sababini aytishim mumkin. Litseyda o‘qib yurganimda fizika o‘qituvchim bilan ko‘p suhbatlashardik. «Dunyoda nima bo‘layotgani haqida hujjatli film, video ko‘rishingiz mumkin. Lekin o‘qish boshqa, shuni ko‘z bilan ko‘rish, amalda qilish boshqa. Biz ko‘lmakchadamiz, shu ko‘lmakchada turib, okean haqida suhbatlashyapmiz. Ammo ko‘lmakchadan chiqib, okeanga o‘tmas ekansiz, okean haqida o‘ylashning iloji yo‘q», derdi.

Mendagi maqsad shunchaki chet davlatda o‘qish emas, balki eng kuchli universitetga kirish bo‘lgan. Litseyda ikkinchi bosqichda o‘qib yurganimda Massachusets texnologiya instituti (Massachusets Institute of Technology – MIT) dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinda turardi. Fizikani ko‘p o‘qirdim, shu fandan olimpiadalarga qatnashardim. Shuning uchun sohamdagi eng zo‘r oliygoh qaysiligiga qiziqqanman. MIT nafaqat texnologiyalar bo‘yicha, balki umumiy reytingda ham yetakchi o‘rinlarda turar ekan.

Birinchi yili o‘qishga kirish uchun MIT’ga hujjat topshirganimda yiqilganman. Ballarim past chiqqan. Ikkinchi yili Carnegie Mellon’ga grant asosida kirganman. To‘g‘ri, bu universitet texnologiyalar borasida birinchi o‘rinda emas, lekin IOS bo‘yicha yetakchi o‘rinda, men tanlagan biznes sohasida esa dunyo bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi. Yulduzni ko‘zladim, lekin yulduzdan ozgina pastrog‘ini zabt eta oldim, deb o‘ylayman.

«Ilm olish va universitetda o‘qishning farqi bor»

Yusufbek Nasriddinov

Ilm olish uchun universitetda o‘qish kerak, lekin oliygoh bu boradagi eng muhim omil emas. Universitet shunchaki makon, sizga ko‘plab imkoniyatlar beruvchi vosita. Diplom masalasiga kelsak, men diplomni qayerga ishlatish mumkin deganda, biznes ochganimda shaxsiy kabinetimda ramkaga ilib qo‘yishim mumkin xolos, deb javob beraman. Ammo mana shu diplomga erishishga ketadigan vaqt – eng muhim davr. Bu davrda biz ilm olamiz, do‘stlar, tajribalar orttiramiz, ko‘plab qiziqarli ishlarni amalga oshiramiz.

Men hozir shu davrning ichidaman. Hali uylanmaganman, yelkamda mas'uliyat yo‘q. Yuz foiz grant yutib olganim menga eng qimmat resurs – vaqtimni o‘zimga ishlatish imkonini berdi. Shu vaqt ichida har tomonlama o‘z ustimda ishlayman, sohamda eng zo‘r bo‘lishga intilaman.

«Maqsad yulduzga erishish edi»

Andijon viloyatida Iqtisodiyot universitetining yangi ochilgan robototexnika yo‘nalishiga hujjat topshirganman, birinchi o‘rin budjetda o‘qishga qabul qilinganman. Lekin o‘qimadim, chunki maqsad yulduzga erishish bo‘lgan.

Oilam o‘sha oliygohda o‘qiysan, deyishgan. Faqatgina yana bir yil imkon berishlarini va yanada yaxshi natija ko‘rsatishimni aytganman. Katta tavakkal qildim. Lekin o‘zimizdagi mahalliy universitetlarda to‘rt yil sarflanadigan hayotim, bir yil yutqazib, keyin xorijga borib o‘tkazadigan to‘rt yil vaqtimdan tubdan farq qilishini sezganman.

«Ko‘chirmakashlik o‘qituvchini urishdan ham yomonroq»

Universitetimizda adolat eng muhim tamoyil. Vazifalarni bajarishda internetdan biror iqtibos olsangiz-u manbasini ko‘rsatmasangiz, bu kursdan qoldirilishingizga sabab bo‘la oladi. Birov bajargan ish natijasini o‘zingizniki qilib ololmaysiz va hayot davomidagi bu eng asosiy prinsiplardan biri, deb bilaman.

Bir professorimiz «aldash, ko‘chirmakashlik qilish professorni urishdan ham yomonroq» deb aytgan edi. Ya'ni ularda ko‘chirmakashlik shu darajada yomon qabul qilinadi. Bu narsa korrupsiyasiz jamiyatni barpo etishda juda katta rol o‘ynaydi, deb bilaman.

«Muvaffaqiyatimning eng katta sababi – oilam kiritgan investitsiya»

Oddiy oilamiz, iqtisodiy holatimiz o‘rtacha. Ota-onam menga yuz foiz investitsiya kiritgan. Har doim mening o‘qishim uchun budjetimizdan mablag‘ ajratilgan. Buni muvaffaqiyatimning eng katta sabablaridan biri deb bilaman.

MIT’ga kirish orzu bo‘lgan, buni keyin maqsadga aylantirganman. Unga intilish ichimda olov singari bo‘lgan. Ba'zi hollarda tayyorlanasiz, ballingiz past chiqaveradi, tayyorlangingiz kelmay qoladi, mashaqqatlarga duch kelasiz. Bu ruhiyatingizga ham ta'sir qiladi. Lekin bulardan olib chiqadigan yagona sabab – maqsadga bo‘lgan intilish. Shu narsa mashaqqatlardan o‘tishga va o‘yin-kulgiga yo‘q deya olishga quvvat bergan.

«Insoniyat hali o‘ylab ham ko‘rmagan muammolarga yechim izlashni istaymiz»

Ta'lim davomida guruhdoshlarimiz bilan turli kurslarda ishtirok etamiz. Juda ko‘pchilik talabalar ulardan yiqiladi, chunki qiyin. Bu kurslardan asosiy maqsad talabalarda muammoni hal qilishda yechimga algoritmlar orqali yetib borish mahoratini shakllantirishdir. Shu ko‘nikma orqali insoniyat hali o‘ylab ham ko‘rmagan muammolarga yechim izlaymiz. Misol uchun, kursdoshlarim bilan Natural learning processing, ya'ni kompyuterlarga inson tilini tushunishga, talqin qilishga yordam berish orqali to‘rt yuz betli kitobni kichraytirish, uning asosiy mag‘zini olish texnologiyasi ustida ishladik.

«Mag‘lub bo‘lmasangiz, demak, urinib ko‘rmagansiz»

Deylik, biror videoni ko‘rib, undan motivatsiya olasiz, rejalar tuzasiz. Ammo ertalab uyg‘onganingizda yana hammasi odatdagidek. Bu oddiy motivatsiya. Motivatsiya o‘ladi. Inspiration, ya'ni ruhlanish, ishtiyoq esa qalbda bo‘ladi. Oliy maqsadlarni ishtiyoq yaratadi. Qachondir mag‘lub bo‘lamiz, turamiz, qiyinchiliklarga uchraymiz, borimizni beramiz, to‘xtamaymiz. Nimaga? Chunki ichimizda o‘sha ishtiyoq bor, istalgan maqsadga erishmoqchimiz. Bizga farqi yo‘q, minglab odam kelib, qarshi chiqsa ham, ishtiyoq tufayli maqsaddan qaytmaymiz. Tarixda bunga oid dalillar ko‘p uchraydi.

Maqsad qo‘ysangiz, 110 foiz quvvat bilan harakat qiling. Mag‘lub bo‘lsangiz, o‘sha qo‘shimcha 10 foiz quvvat bilan turing va yana harakatga tushing. Mag‘lubiyat hayotda bo‘ladigan odatiy narsa. Shuning uchun inson motivatsiyani emas, ishtiyoqni qalbidan qidirishi kerak. Buni topish uchun esa kuchli insonlar bilan, o‘zi bilan suhbatlashish, o‘z oldiga ko‘plab savollarni qo‘yish, faqat va faqat ilm olish kerak.

Top