21:10 / 17.02.2021
13726
Yana UzIMEI haqida. O‘zbekiston parlamenti o‘z qarorini 1 yildan beri ijro qilolmayapti

IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazishni tekin qilish haqidagi jamoatchilik murojaati «Mening fikrim» portalida kerakli ovoz to‘plaganiga qaramay, bir yildan buyon e'tiborsiz qolyapti. «Bu qanday parlament bo‘ldiki, o‘zi tasdiqlagan hujjat ijrosini ta'minlay olmasa?» deya savol qo‘ydi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Foto: Kun.uz

Bundan 1 yil avval, 2020 yil 17 fevralida «Mening fikrim» portalida IMEI kodlarni ro‘yxatga olishdagi to‘lovni bekor qilish haqida petitsiya e'lon qilingan edi.

Petitsiya 3 soat ichida kerakli miqdorda (10 ming) ovoz to‘plagandi. Hozirda to‘plangan ovozlar soni 25 mingga yaqinlashib qolgan.

«IMEI kodlarini ro‘yxatga olishda to‘lovlar bekor qilinishini so‘rayman», deya ta'kidlangan jamoaviy murojaatda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom talabiga ko‘ra, parlament va hukumat nomiga yo‘llangan murojaat kamida 10 mingta qo‘llab-quvvatlovchi ovozni olganda, u belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi, ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror moderator tomonidan 60 kundan oshmagan muddat ichida «Mening fikrim» portaliga joylashtirilishi lozim.

Oradan 365 kun o‘tgan bo‘lsa-da, murojaat hamon «Ko‘rib chiqish jarayonida» turibdi. O‘sha paytda Oliy Majlis IMEI-kodlari bo‘yicha jamoaviy murojaat yuzasidan ishchi guruh tuzgandi.

«O‘z qarori ijrosini ta'minlay olmasa, bu qanaqa parlament?»

Mavzuni ko‘tarib chiqqan huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev parlamentdagi jur'atsizlik va «Mening fikrim» portalining «ko‘zbo‘yamachilik uchun ochilgani»ni tanqid qildi:

«Bu qanday parlament bo‘ldiki, aynan o‘zi tasdiqlagan, yuridik kuchi bo‘yicha qonunga teng hujjatning ijrosini ta'minlay olmasa?!

Nega minglab fuqarolarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan, xalq uchun emas faqat ma'lum idoralarning manfaatlari uchungina amal qilib turgan bu tartibni bekor qilish choralari ko‘rilmadi?

Ertaga tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun aniqlashtiraman: gap IMEI tizimini butunlay bekor qilish haqida ketmayapti, chunki bu tizim orqali qora bozorga ancha chek qo‘yildi (100% bo‘lmasa ham), rasmiy sotuv ko‘paydi va o‘z-o‘zidan davlat budjetiga juda katta miqdorda soliqlar tushishni boshladi. Shu sababli bu tizim qolishi tarafdoriman, faqat ro‘yxatdan o‘tkazish BePUL, mantiqiy va ortiqcha byurokratiyasiz bo‘lsin.

Endi sizlarga savol, hurmatli SeNATOR va DePUTATLAR: chegarachi, bojxonachi va soliqchilar o‘z ishini eplolmayotgani uchun, ya'ni noqonuniy telefonlar kirib kelishining oldini olisholmayotgani uchun o‘ylab topilgan UZIMEI tizimi nega xalqqa pullik bo‘lishi kerak? Nega?! Hukumat ham budjetga yuz milliardlab soliq tushirsin, ham xalqdan yuz milliardlab to‘lov (bu ham soliq aslida) undirsinmi? Yaxshi buzoq ikkita sigirni emadi, deganimi bu? Sizningcha, shu adolatdanmi?

Ko‘zbo‘yamachilik uchun ochilgan «Mening fikrim» portalining nima keragi bor unda? Baribir parlament u yerdagi masalalarni hal qilishni eplolmayotgan bo‘lsa?

Xullas, o‘tgan yili mas'ullarga qarata aytgan gaplarimni yana qaytaraman: Agar sizga jamoatchilik fikri qiziq bo‘lsa, unda to‘lovlarni bekor qilasiz. Agar sizga jamoatchilik fikri mutlaqo qiziq bo‘lmasa, unda bilganingizni qilavering!»

«Portal shunchaki ko‘zbo‘yamachilikka aylanib qolyapti»

Oliy Majlis deputat Rasul Kusherbayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda petitsiyalar portalining ahvolidan afsusda ekanini bildirib, hammasiga mas'ullarning jur'atsizligini sabab qilib keltirdi:

«Xushnudning fikrlariga qo‘shilaman. «Mening fikrim» portali nomiga qo‘yilgan portalga aylanib qoldi.

Deputat sifatida emas, oddiy fuqaro sifatida, men bu qo‘lda boshqariladigan va odamlarning takliflarini filtr qilib ovozga qo‘yadigan, qo‘yganda ham kun tartibiga kiritib hal qilolmaydigan bunaqa portalga ishonmagan bo‘lardim. Bu tizim ishonchni yo‘qotib bo‘lgan.

Vaqt hammasini ko‘rsatib bo‘ldi. Portal shunchaki ko‘zbo‘yamachilikka aylanib qolyapti. Essiz ishonch va berilayotgan ovozlar.

Prezident nimani istab tashabbus qilgan edi-yu, amalda nima bo‘ldi. Menimcha, prezident ham bilsa, portalni shu ahvolga olib kelinganidan ranjisa kerak.

Hammasiga sabab – mas'ullarning jur'atsizligi va mustaqil qaror qabul qila olmasligi bo‘lsa kerak».

Top