13:40 / 18.02.2021
13354
Toshkentdagi maktab o‘quvchisi AQShning nufuzli universitetidan 132 ming dollarlik taklif oldi

Toshkent shahrida filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi o‘quvchisi A'zamjon A'lamov AQShning nufuzli Widener universiteti grantiga sazovor bo‘ldi. Grant miqdori jami 4 yillik bo‘lib, 132 ming dollarni tashkil etadi.

Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining 11-“a” sinf o‘quvchisi A'zamjon A'lamov AQShning nufuzli Widener universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

A'zamjonga yo‘llagan rasmiy maktubda unga yiliga 30 000 AQSh dollar, 4 yilga 120 ming AQSh dollarga teng Widener universiteti Prezident stipendiyasi taqdim etilishi ma'lum qilingan. 

Shuningdek, A'zamjon A'lamovga yiliga 3 000 dollar miqdorida global rivojlanish stipendiyasi topshirilishi ham bildirilgan. Shu tarzda, A'zamjonga to‘rt yil davomida beriladigan stipendiyaning umumiy miqdori 132 000 AQSh dollarni tashkil qiladi.

A'zamjon A'lamov o‘zi tanlagan yo‘nalish – axborot texnologiyalari bo‘yicha AQShning Widener universitetida ta'lim olishni maqsad qilgan.

Top