21:09 / 22.02.2021
3032

Parlament eshituvida pandemiya davriga oid raqamlar ma'lum qilindi

Bugun, 22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputatlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari B.Yusupaliyev hamda innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonovning «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash borasida rejalashtirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotini eshitishdi.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, parlament eshituvida pandemiya davrida amalga oshirilgan ishlar bilan bog‘liq ayrim raqamlar ma'lum qilingan.

Xususan, mamlakatda koronavirus infeksiyasining ilk alomatlari aniqlangandan keyin, qisqa muddatda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida 20 ming o‘rinli karantin markazi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 7 085 o‘rinli hamda hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanida 4000 o‘rinli maxsus shifoxonalar qurilib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

2020 yil 15 martdan 31 dekabrgacha O‘zbekistonga 2 mln 25 ming nafar fuqaro kirib kelgan. Ulardan 1 mln 600 ming nafari karantinga olingan. 2021 yil 1 yanvardan shu kungacha 448 ming nafar fuqaro respublikamizga kirib kelgan va 105 ming nafari uy karantiniga olingan.

Shu bilan birga, 36 280 nafar tibbiyot xodimlari koronavirus kasalligini davolashning so‘nggi usullari yuzasidan 18 soatlik va 6 soatlik o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘qitildi. Xususan, mavzuli malaka oshirish kurslarida davolash-profilaktika muassasalarining jami 2 908 nafar zaxira shifokorlari, jumladan, 421 nafar reanimatolog, 349 nafar pediatr va 2 138 nafar statsionar palata shifokorlari o‘qitilgan.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasining yuqori cho‘qqisi davrida respublikada jami 159ta muassasada 25 ming 200ta, shu jumladan, 2 ming 500ta reanimatsion o‘rinlar hamda qo‘shimcha ravishda 58ta saralash-taqsimlash markazlarida 15 mingta o‘rin, shu jumladan, 1 225ta reanimatsiya o‘rinlari tashkil etilgan.

Bugungi kunga qadar koronavirus aholi orasida tarqalishining oldini olish va bemorlarini davolash ishlarida Xitoy, Rossiya, Koreya, Turkiya va Germaniya davlatlaridan kelgan 140dan ortiq mutaxassislar ishtirok etishdi.

«Inqirozga qarshi kurashish» jamg‘armasi hisobidan koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jami 4 trillion 825 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shundan:

  • 1 232,2 mlrd so‘m qurilish-ta'mirlash ishlariga;
  • 2 217,2 mlrd so‘m qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlariga;
  • 1 317,8 mlrd so‘m boshqa tadbirlarga, jumladan:
  • dori-darmon vositalari xarajatlari uchun – 309,5 mlrd so‘m;
  • gigiyena va zararsizlantiruvchi vositalar uchun – 75,0 mlrd so‘m;
  • oziq-ovqat mahsulotlari xarajatlari uchun –227,6 mlrd so‘m;
  • tibbiy asbob-uskunalar sotib olish uchun – 135,5 mlrd so‘m;
  • transport vositalarini sotib olish uchun – 13,5 mlrd so‘m;
  • jamoat joylarini dezinfeksiya qilish uchun – 28,3 mlrd so‘m;
  • boshqa saqlash va epidemiyaga qarshi tadbirlar uchun – 528,4 mlrd so‘m.

Pandemiya davrida tibbiyot muassasalariga 89 mln dollarlik 5ta MSKT, 56ta rentgen, 2 303ta funksional krovat, 2 774ta SIPAP, 5 358ta kislorod konsentrator, 1 342ta IVL, 170ta PZR, 822ta kardiomonitor, 1 639ta shpritsli nasos, 50ta EKG va boshqa jihozlar hamda muruvvat yordami orqali 1 512ta bolalar SIPAPi, 300ta IVL, 2 507ta kislorod konsentratori yetkazib berilgan.

Shuningdek, o‘tgan vaqt mobaynida dunyoning 12ta davlatiga (Xitoy, Eron, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjon, Belarus, Rossiya, Vengriya, Qozog‘iston, Pokiston, Suriya) O‘zbekiston tomonidan umumiy qiymati 101,7 mlrd so‘mlik dori-vositalari, shaxsiy himoya vositalari va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat muruvvat yordamlari yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Harakatlar strategiyasining 4 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro forumda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili O‘ktam Ismoilov koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etilganini ma'lum qilgandi.

Top