00:21 / 23.02.2021
6375
Prezident Navoiy viloyatidagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 fevral kuni Navoiy viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Navoiy viloyati – sanoatlashgan hudud. Tog‘-kon, kimyo, qurilish materiallari va to‘qimachilik tarmoqlari viloyat iqtisodiyotining drayverlari hisoblanadi. Bu yerda yiliga 65 trillion so‘mlikdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Rasmiy relizga ko‘ra, joriy yilda Navoiy viloyatida 576 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Ularning umumiy qiymati 18,6 trillion so‘m.

Sohalar kesimida aytganda, loyihalarning 200 tasi sanoat, 179 tasi xizmat ko‘rsatish, 197 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida. Bularning natijasida qariyb 18 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 16 mingta ish o‘rin yaratiladi. 123 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot tayyorlanib, 125 million dollarlik eksport ta'minlanishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, qurilish materiallari tarmog‘ida akril tosh, bazalt panellar, yog‘och tolali plitalar, pol va devor uchun qoplamalar, shisha mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Misol uchun, Zarafshon shahrida oyna korxonasini shu yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda 350 kishi mehnat qiladi.

Kimyo sanoatida 20 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, joriy yilda 9 tasi foydalanishga topshiriladi. Natijada talab yuqori yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib, 430 dan ziyod kishining bandligi ta'minlanadi.

To‘qimachilik tarmog‘idagi loyihalar ham istiqbolli. Xususan, joriy yilda barcha shahar va tumanlarda 28 ta korxona tashkil etilib, 5 800 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari loyihalarni sifatli, ilmiy yondashgan holda amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etib, qo‘shimcha qiymat yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, eksportga yo‘naltirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Top