17:50 / 27.02.2021
33216

Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga majburan olib borilmaydi – Mudofaa vazirligi

Joriy yilning 26 fevral kuni muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv va Qurolli Kuchlardan rezervga bo‘shatish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumandan so‘ng vazirlik vakili Kun.uz muxbirining savollariga javob qaytardi. Vazirlik boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Qodirov safarbarlik chaqiruvi rezerviga harbiy xizmat (xalq tilida «1 oylik armiya») uchun badal pullari to‘langan taqdirda, agar fuqaro xizmatga borishdan bosh torsa, qanday chora ko‘rilishi masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

«3-4 yil oldin safarbarlik chaqiruvi rezerviga o‘tib, to‘lovini yuz foiz qoplagandan so‘ng bironta ish bilan mashg‘ul bo‘lgan taqdirda majburan «borasan» deb aytilmaydi.

Ya'ni, uning sharoiti inobatga olingan holda, u 27 yoshgacha bemalol borib kelishi mumkin. Bunday holatda hech qanday qonuniy chora ko‘rish degan narsalar ko‘zda tutilmagan.

Shuningdek, OTM talabalari safarbarlik chaqiruvi rezerviga o‘tishga istagi bor, lekin ular o‘qiydi. Shu sababli o‘tgan yili tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Ya'ni, talabalar o‘qish davomida o‘z xohishi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga o‘tishi, o‘z xohishi bilan shartnoma tuzishi mumkin. Pul badali to‘lab bo‘lingandan so‘ng faqat yozgi ta'til vaqtlari talabalarni xizmatga jalb qilish mumkin. Boshqa vaqt harbiy xizmatga olib ketish mumkin emas», dedi Ulug‘bek Qodirov.

Mavzuga oid
Top