O‘zbekiston | 08:00 / 27.02.2021
17731
3 daqiqa o‘qiladi

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat uchun to‘langan badalni qaytarib olish mumkinmi?

26 fevral kuni muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv va Qurolli Kuchlardan rezervga bo‘shatish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat (xalq tilida «1 oylik armiya») uchun to‘langan badal pullari qaysi holatlarda qaytarilishi haqida so‘raldi.

Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Qodirovning ma'lum qilishicha, pul badallarini to‘lagan, lekin bir oylik harbiy yig‘inga hali bormagan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisiga u to‘lagan mablag‘lar quyidagi holatlarda qaytariladi:

  • xizmatchi harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganda (boshqacha aytganda, badal pullarini to‘lagach, tibbiy ko‘riklardan o‘ta olmaganda);
  • xizmatchi I, II yoki III guruh nogironi bo‘lib qolsa;
  • xizmatchi vafot etgan taqdirda (uning yaqin qarindoshiga, merosxo‘riga, vasiysiga yoki homiysiga);
  • Mudofaa vazirligining «Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari» Maxsus hisobraqamiga yanglishib pul o‘tkazib yuborilganda.

Boshqa holatlarda pul badallari qaytarib berilmaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ulug‘bek Qodirov safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 27 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar borishi mumkinligiga oid qo‘shimcha tushuntirish berdi.

«Avvalambor, chaqiruv davrida mudofaa ishlari bo‘limlarida 27 yoshga kirayotgan fuqarolarning ro‘yxati alohida shakllantiriladi. Fuqarolar 27 yoshga to‘lish arafasida ular bilan suhbatlashish jarayonida ularning xarbiy xizmatga borish sharoiti aniqlanadi.

Masalan, 20 may kuni 27 yoshga to‘lasiz. Shu kundan bir kun oldin bo‘lsa ham safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga jalb etilishingiz mumkin», – dedi vazirlik boshqarma boshlig‘i.

Uning qayd etishicha, fuqaro harbiy xizmat uchun badal pullarini to‘lagach, unga nisbatan hech qanday cheklovlar (masalan, xorijga chiqishiga to‘siq) vujudga kelmaydi.

«Harbiy xizmatga chaqiruvga doir shu kabi savollar yuzaga kelsa, fuqarolarimiz bemalol vazirlikning +99871 269-84-23 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, javob olishlari mumkin», – ta'kidladi Ulug‘bek Qodirov.

Ma'lumot uchun, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash uchun to‘lanadigan badal – bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari etib belgilangan. Bu ayni paytda 4,9 mln so‘mni tashkil etadi.

Mavzuga oid