19:34 / 01.03.2021
6768
Dunyo miqyosida oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi kuzatilmoqda

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishi «ayniqsa tashvishga soladigan» va fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan global «qaynoq nuqtalar» ro‘yxati tuzildi. Ro‘yxatga Rossiya, Hindiston, Braziliya, Turkiya va Nigeriya kabi yirik davlatlar kiritilgan.

Nicole Tung/Bloomberg

Xitoy bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlariga talab ortishi va ob-havo noqulay kelishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlari narxi so‘nggi olti yillikda eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan.

Bloomberg agentligi ma'lum qilishicha, dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlarining inflatsiya darajasi oshishda davom etmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining tanqisligi sabab yil boshidan beri Sudanda norozilik namoyishlari avj oldi, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar Livan va Tunisda nizolarni keltirib chiqardi, shuningdek, Hindistonda dehqonlar narxlarni pasaytirishga qarshi isyon ko‘tarishdi. Hozirda Birlashgan Arab Amirliklari singari boy davlatlar ham ba'zi oziq-ovqat mahsulotlariga narxlar chegaralarini belgilash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

«Har doimgidek, bu holatning ta'siri nomutanosib. Boy g‘arb mamlakatlarida, bu shunchaki mahsulot xarid qilishda uning brendini almashtirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ammo kambag‘al mamlakatlarda bu holat bolani maktabga yoki pul ishlash uchun ishlashga yuborish o‘rtasidagi farqni belgilab beradi», deb ta'kidladi Vashingtonda joylashgan Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti xodimi Kullen Hendriks.

KC Nwakalor/Bloomberg

Bloomberg tahlilchilarining fikriga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishi o‘rta daromadli eng yirik mamlakatlarga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi.

Lotin Amerikasi mamlakatlari ichida bu holat Braziliyada jiddiy sezilmoqda. Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi va milliy valutaning qadri pasayishi birgalikda kechmoqda. Natijada mamlakatda guruch narxlari 76 foizga, go‘sht va sut mahsulotlari 20 foizga qimmatlashgan.

Rossiyada umumiy inflatsiya va oziq-ovqat narxlari oshishiga mamlakatdagi siyosiy beqarorlik ham ta'sir ko‘rsatmoqda. So‘nggi haftalarda dunyodagi birinchi raqamli bug‘doy eksport qiluvchi mamlakat mahsulotni eksport qilishni cheklash va ichki narxlar pasayishiga olib keladigan tariflar va kvotalarni joriy qilish bo‘yicha choralarni amalga oshirdi. Rossiyaning eng yirik chakana savdo korxonalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (xususan, sabzi va kartoshka) narxlarini muzlatish bo‘yicha nizom tasdiqlangan. Ekspertlar mart oyida tugashi kutilayotgan cheklovlar mamlakatda oziq-ovqat narxlari oshishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishini ta'kidlashmoqda.

Shuningdek, katta oziq-ovqat iste'molchisiga ega bo‘lgan Turkiyada yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 18 foizga qimmatlashgan. Turkiyada bir necha yildan beri oziq-ovqat sektorida inflatsiyada ikki xonali raqamlarning qayd etilayotgani milliy valuta qadrsizlanishiga va Turkiya prezidentiga nisbatan norozilik kayfiyatini kuchaytirmoqda.

AQShdan keyin eng ko‘p haydalgan yerlarga egalik qiluvchi, dunyodagi eng yirik guruch eksportchisi va bug‘doy yetishtirish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Hindistonda hukumat tomonidan oziq-ovqat mahsulotlariga subsidiya joriy qilinishi fermerlar tomonidan isyon ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.

  • Ma'lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekiston oziq-ovqat sektorida inflatsiya 15,3 foizni tashkil etgan. Shuningdek joriy yilning ilk oylari davomida oziq-ovqat narxlarining oshishi yanvar oyida 1,2 foizni, fevralda esa 0,6 foizni tashkil etgan. Global miqyosida oziq-ovqat narxlari qimmatlashishi O‘zbekistonda ham import qilinadigan mahsulotlar narxi sezilarli ravishda oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Top