22:15 / 01.03.2021
5671
Turkiyadagi kurortlardan biri 500 kunga yopilmoqda
Foto: ntv.com.tr

Turkiyaning Chanakkale viloyatidagi Assos kurort shahrining qadimiy infratuzilmasi sayyohlar uchun xavf tug‘dira boshlagan. Shu sababli shaharda ta'mirlash ishlari olib boriladi va u 500 kunga yopiladi, deb xabar berdi NTV telekanali.

Ta'kidlanishicha, shahar ustida turgan qoyalar qulashni boshlagan va vaqti-vaqti bilan tosh ko‘chkilarini keltirib chiqarmoqda. Vaziyat Turkiya sohillarida oxirgi vaqtlarda seysmik faollikning kuchayishi natijasida murakkablashmoqda.

Tosh o‘pirilishlarining oldini olish uchun xavfli qoyalarni urib maydalab tashlash va qoyalar ustiga po‘lat to‘r yotqizish ko‘zda tutilgan. Yarim yil davom etishi kutilayotgan ta'mirlash ishlari davomida qadimiy shahardagi kamida 19ta sayyohlik infratuzilmasi, jumladan mehmonxonalar, xostellar, restoran va kafelar, choy bog‘i va muzqaymoq do‘koni yopiladi.

Eski portdagi restoranlardan birining boshqaruvchisi Tohir Chenavku tadbirkorlar ta'mirlash ishlariga qarshi bo‘lmasligini aytgan.

“Biz xavfni anglayapmiz. Yozda qoyalar qulashi xavfiga duch kelmasdik. Qishda esa bunday xavf mavjud. Qishda sayyohlik mavsumi bo‘lmagani sababli, mijozlar ham bo‘lmaydi. Shu sababli ta'mirlash ishlarini qishda amalga oshirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz”, deb aytgan tadbirkor.

Avvalroq Turkiya mart oyidan koronavirusga nisbatan cheklovlarni yumshatishi xabar qilingandi.

Top