09:38 / 07.03.2021
14412
Arrow – tovushdan tez uchuvchi dunyodagi ilk dron

Singapurning Kelley Aerospace aviatsiya kompaniyasi o‘zining Arrow jangovar dronini taqdim qildi va 100dan ortiq buyurtmalar tushganini tasdiqladi.

Fantast yozuvchilar bashorat qilganidek pilotsiz jangovar dronlar borgan sari tezkorroq va kuchliroq bo‘lib bormoqda. Ular bir-biri bilan jang qilishga o‘rganib, eskiroq modellarni yo‘q qilyapti. Boshqacha aytganda, mashhur «Terminator» filmidagi to‘qima Skynet tobora reallashib bormoqda.

2021 yilning boshida Singapurning Kelley Aerospace aviatsiya kompaniyasi dunyodagi ilk tovushdan tez uchar pilotsiz apparatni namoyish qildi – Arrow droni.

Ko‘pmaqsadli jangovar pilotsiz Arrow 2,1 Max tezligiga erishishi (2570 km/s) va 16800 parvoz vazni bilan 4810 kilometrni bosib o‘tishi mumkin. Bir dona Arrow’ning bahosi komplektatsiyasiga qarab 9-16 million dollar orasida bo‘ladi. Arzonroq modellarga 100dan ortiq buyurtma olindi.

Prototipning ilk keng qamrovli sinovlari 2014 yildayoq o‘tkazilgan. Bugunga kelib, Singapurning Seletar aerokosmik parkida Arrow’ni to‘laqonli ishlab chiqarishga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Bu apparat ertaga boshimiz uzra uchib o‘tadi, deb qo‘rqishimiz kerakmi? Bunga hali erta, zavod yil oxirida ishga tushishi ko‘zda tutilgan, ungacha ikki prototip AQSh va Shvetsiyada jangovar sinovlardan o‘tadi.

Arrow yengil uglerod tolalaridan yasalgan yaxlit korpusdan loyihalashtirilgani uning 2,1 Max tezlikka erishishiga yordam beradi va shuning bilan birga o‘ta mustahkamlik va qattiqlikni ta'minlaydi.

Jangovar va razvedka parvozlarni Arrow’ning nafaqat o‘zi amalga oshirishi, balki dronlar eskadrilyasi tarkibida ham qilishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda operatorlar samolyot bortidan yoki yerusti nazorat stansiyalaridan apparatlarni boshqaruvga olishlari mumkin.

Ilmiy-texnik taraqqiyot davom etmoqda. Jangovar mashinalar buyurtmasidan yetarlicha mablag‘ ishlab olgan Kelley Aerospace yengil uglerod korpusi asosida tovushdan tez uchar biznes jyetlarni ishlab chiqarishni ko‘zlamoqda. Undan tashqari, Singapur kompaniyasi fazoviy apparatlar bozorida ham muhim o‘yinchi bo‘lishni rejalashtirmoqda.

Tovushdan tez uchish poygasida bir necha aviatsiya kompaniyalari marra chizig‘ini birgalikda kesib o‘tish arafasida va bir necha yil ichida tovushdan tez uchar samolyot taqdim etishni va'da qilmoqdalar. AQShning Aerion kompaniyasi esa, Floridada yirik shtab-kvartira qurishni boshlab yubordi va AS2 tovushdan tez uchar yo‘lovchi samolyotini ishlab chiqarishga tayyor.

Top