15:35 / 13.03.2021
12395
Po‘lat Bobojonov – O‘zbekistondagi jinoyatchilik ko‘rsatkichi, xalqaro reyting va pandemiya vaqtida jazolanganlar haqida

 Kecha, 12 mart kuni Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tizimning o‘tgan yildagi faoliyati bo‘yicha axborot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Vazir axboroti davomida dastlab O‘zbekiston hududida har 100 ming kishiga to‘g‘ri kelayotgan jinoyatchilik ko‘rsatkichi yildan yilga kamayib borayotganiga urg‘u berdi. Unga ko‘ra, 2020 yil O‘zbekistonda har 100 ming kishiga 182ta jinoyat to‘g‘ri kelgan.

«Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 229tani tashkil qilar edi», – dedi Bobojonov.

Ichki ishlar vaziriga ko‘ra, bu ko‘rsatkich MDH davlatlariga nisbatan olganda ham ancha kam.

«Har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan jinoyatchilik ko‘rsatkichini MDH davlatlari bilan solishtirib ko‘ramiz.

Bu ko‘rsatkich Rossiya Federatsiyasida 1 ming 393ta, Belarusda 1800ta, Armanistonda 1813ta, Qozog‘istonda 748ta, Qirg‘izistonda 737ta va Tojikistonda 284tani tashkil qilgan.

Albatta, bu raqamlar bilan maqtanmoqchi emasmiz. Shunchaki, biz har bir jinoyatni favqulodda holat deb qabul qilyapmiz», – ta'kidladi u.

Po‘lat Bobojonov o‘tgan yili huquqni himoya qilish sohasidagi xalqaro indekslarda O‘zbekistonning egallagan o‘rniga ham to‘xtaldi.

«2020 yil yakuni bo‘yicha Jahon huquqni baholash tashkilotining tartib va xavfsizlik indikatori bo‘yicha O‘zbekiston 128 davlat ichida 0.90 ball bilan dastlabki o‘ntalikda qayd etilgan», – dedi vazir.

Ma'lumot uchun,  Jahon huquqni baholash tashkiloti indikatorining dastlabki o‘nligi quyidagicha tuzilgan:

Vazir 2020 yilda ichki ishlar organlariga olib kelinib, ma'muriy bayonnoma tuzilgan fuqarolar sonini ham ochiqlar ekan, ularning aksariyati pandemiya qoidalarini buzganlar ekanligini ham qo‘shimcha qildi.

«2020 yilda jamoat joylarida bemaqsad yurgan, huquqbuzarlik sodir etgan va shaxsini aniqlash kerak bo‘lgan 3,5 mln.dan ortiq shaxslar ichki ishlar organlariga keltirilib, ular bilan suhbat va profilaktik ishlar olib borilgan.

Shundan 1 mln. 600 mingdan ziyodiga ma'muriy bayonnomalar tuzilgan. Buning ko‘pchiligi o‘tgan yilgi pandemiya bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha», – dedi Bobojonov.

Top