09:39 / 16.03.2021
3412
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ovqatlantirishni tashkil etishning yangi moliyaviy tizimi ishlab chiqildi

“Vazirlar Mahkamasining “Davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hukumat qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, hujjat loyihasi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish ishlarini yanada takomillashtirish, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlarni oshkoralik, mablag‘lar iqtisodiy samarali sarflanishi tamoyillari asosida o‘tkazish maqsadida ishlab chiqildi.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirishni tashkil etish masalalarida muammolar yechimini topish, tizimda tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirish darajasini ko‘tarish maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligi xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ovqatlantirishni tashkil etishning zamonaviy moliyaviy tizimi yaratishni taklif etmoqda.

Mazkur taklif etilayotgan tizim qo‘yidagilarni ta'minlaydi:

  • mahsulotlar sifati va xavfsizligi nazoratini tartibga solish;
  • xarid qilish narxlarini barqarorlashtirish, xomashyolar qabul qilish jarayonini sifatli nazoratga olish;
  • ovqatlantirishni tashkil etish jarayoniga yuqori malakali mutaxassislar (injyener-texnolog, shifokor-diyetolog, ishlab chiqarish nazorati bo‘yicha mutaxassislar)ni jalb etish;
  • ishlab chiqarishni tashkil etishdagi kirib kelayotgan va iste'molga chiqarilayotgan xomashyo va tayyor mahsulotlarning laboratoriya usullaridan foydalangan holda to‘laqonli nazoratini olib borish;
  • bolalar ratsionidan kelib chiqqan holda, tanlab olishga imkoniyat beradigan keng assortimentda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish;
  • ishlab chiqarish va tayyor mahsulotlarni iste'molchiga yetkazib berish jarayoni barcha bosqichlaridagi yo‘qotishlarni pasaytirishga (yuqori darajada texnologik jihozlarni qo‘llash, ishlab chiqarish hisobini yuritish va nazorat qilishning yangi zamonaviy tizimini joriy etish bilan) erishish;
  • tayyor mahsulotlarning tannarxi pasayishi, ishlab chiqarish jarayonidagi sarf-xarajatlarning (elektr energiyasi sarfi, tayyor mahsulot hisobida amortizatsiya qismi, ishchi xodimlar soni) qisqarishi.

Loyiha bilan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyuldagi 626-son qarori ayrim bandlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha tanlov hujjatlari tasdiqlanmoqda.

Tanlov jarayoni yanada shaffof o‘tishini ta'minlash maqsadida komissiya tarkibiga Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakillari kiritilmoqda.

Shuningdek, qaror ayrim bandlariga yangi tahrirda qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ovqatlantirishni tashkil etish va moliyalashtirish jarayonida korrupsiya holatlarining oldini olish, hisob tizimini avtomatlashtirish maqsadida, oziq-ovqat mahsulotlari sifati, xarid qilinishi, kirim-chiqimi hamda tarbiyalanuvchilar uchun belgilangan me'yorlar bajarilishi hisobini kunma-kun olib boruvchi onlayn kalkulyator yagona avtomatlashtirilgan informatsion tizimni Moliya vazirligi budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va hisoboti yuritilishini kompleks avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan dasturiy majmua - «UzASBO» bazasida yaratish vazifalari qo‘yilmoqda.

Tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati hokimligiga Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda, viloyat ayrim tumanlarida 2021-2022 yillarda maktabgacha ta'lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha tanlov o‘tkazishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Komissiya autsorser faoliyati yuzasidan alohida monitoring olib borishi, uning faoliyati natijalariga ko‘ra autsorserni “insofli ijrochi” yoki “insofsiz ijrochi” ro‘yxatiga kiritishi hamda monitoring natijalariga ko‘ra “insofsiz ijrochi” ro‘yxatiga kiritilgan autsorserlar bilan shartnomani bekor qilishi yuzasidan qaror qabul qilishga, shartnoma bekor qilingan tanlovda g‘olibdan keyingi zaxiradagiga o‘tkazish huquqiga ega ekani to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.

Shuningdek, komissiyaga autsorser tomonidan kiritilgan loyiha takliflarga ko‘ra, sharoiti talab darajasida bo‘lgan maktabgacha ta'lim tashkilotlarida taomlar tayyorlash va boshqa maktabgacha ta'lim tashkilotlariga tayyor taomlar yetkazishga ruxsat berish vakolati berilmoqda.

Top