19:45 / 18.03.2021
10541
Prezident Chirchiqdagi qurilishlar va shahar issiqlik ta'minot korxonasini borib ko‘rdi

Davlat rahbari Chirchiq shahridagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Chirchiq - Toshkent viloyatining eng yirik shaharlaridan biri. Hudud rivojlangani sari aholi soni ham ortib bormoqda. Shaharning Shodlik mahallasida qurilgan 4 ta 16 qavatli uy aholining o‘sib borayotgan talabini ta'minlashga qaratilgan. Ularda jami 288 xonadon bo‘ladi. To‘rtalasi ham shu yil foydalanishga topshiriladi.

17ta xonadon nogironligi bor hamda uy-joyga muhtoj ayollarga, 15tasi o‘z sohasida alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan yosh oilalarga ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilishning borishi bilan tanishdi.

Shu yerda Chirchiq shahrini rivojlantirish bo‘yicha bosh reja muhokama qilindi. Yangi turar joylar qurish, eski uylarni renovatsiya qilish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanib, Toshkent shahridagi ayrim ishlab chiqarish korxonalarini shu yerga ko‘chirish hamda yangi loyihalarni joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«Chirchiqni innovatsion, investitsion shahar qilish mumkin. Shuning uchun hamma binolarni inventarizatsiyadan o‘tkazish kerak. Bu yerda hamma infratuzilma bor. Avtomobil va temir yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish, jamoat transportini rivojlantirish kerak. Qulaylik yaratilsa, aholi ham, ishbilarmonlar ham keladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Chirchiq shahar issiqlik ta'minot korxonasini ham borib ko‘rdi.

Chirchiq shahrida jami 14ta qozonxona bor. Shulardan biri 1957 yilda qurilgan. Bu qozonxona ochiq tizimda ishlaydi. Ya'ni shahar ichimlik suvi tarmog‘idan suv olib, uni isitib, xonadonlarga tarqatadi. Bu ortiqcha suv va gaz yoqilg‘isi sarfini yuzaga keltirayotgan edi.

Shu bois bu yerda Turkiya texnologiyasi asosida yangi qozonxona barpo etilmoqda. Loyihaning qiymati 16 million dollardan ziyod bo‘lib, Jahon banki krediti asosida moliyalashtiriladi.

Yangi qozonxonaning quvvati 75 megavatt bo‘ladi. Qurilish ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Modernizatsiya natijasida shaharda 24 kilometr issiqlik quvuri tortilib, 175 ta ko‘p qavatli uy, 19 ta ijtimoiy soha obektlari issiqlik tizimi bilan sifatli ta'minlanadi. 12 million metr kub tabiiy gaz, 3,4 million kilovatt elektr energiyasi, 300 ming kub suv tejaladi. Atmosferaga chiqayotgan 4,7 ming tonna gaz ushlab qolinadi.

Shu yerning o‘zida viloyatda elektr energiyasi, issiqlik, ichimlik suvi ta'minoti hamda shaharlarda kommunal xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha rejalar taqdimoti o‘tkazildi.

 

Top