Jamiyat | 08:10 / 09.10.2025
62722
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda siam egizaklari shoshilinch ravishda noyob operatsiya orqali ajratib olindi

Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya o‘tkazildi.

Homiladorlikning 33-34-haftasida “kesarcha kesish” yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘uruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi.

Besh soat davom etgan yuqori texnologik operatsiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar tomonidan bajarildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov ushbu chaqaloqlar holidan xabar oldi. - Bunday o‘ta murakkab amaliyotlar hamma davlatlarda ham amalga oshirilavermaydi, - dedi vazir. - Hatto, tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ham uzoq muddatli tahlillar va katta tayyorgarlikdan so‘ng bajariladi. Chunki bu - o‘ta noyob operatsiya. Mana shunday muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarining shoshilinch ravishda hamda viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olinishi mamlakatimiz tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin dalilidir.

Siam egizaklarini ajratib olish operatsiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar vazir A.Xudoyorov tomonidan “O‘zbekiston sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Salomatligi yaxshilangan jajji bemorlar va ularning onasiga kecha shifoxonadan uyiga javob berildi.

Mavzuga oid