Prezident O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi
Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida 21 mart kuni Navro‘z bayrami shodiyonasi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlat rahbari ko‘p millatli xalqimizni Navro‘z bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.
«O‘tgan yili pandemiya tufayli Navro‘z bayramini har doimgidek katta tantana qilib, keng nishonlay olmagan edik. O‘shanda, bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali ko‘p to‘y-tomosha va sayillarni xalqimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz, deb ezgu niyat qilgan edik. Bugun ana shu orzu va intilishlarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Go‘zal va jonajon yurtimizda yana shodiyonalar, quvonchli kunlar boshlanmoqda», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident koronavirus balosi hali to‘la bartaraf bo‘lmaganini, shuncha mehnat zoye ketmasligi uchun pandemiyaga qarshi kurashishni bir lahza ham to‘xtatmaslik, beparvolik va beg‘amlikka berilmaslik kerakligini ta'kidladi.
«Bizning kuchimiz – birlik va ahillikda, bizning qudratimiz – mehr-oqibat, o‘zaro ko‘mak va saxovatda, bizning yutug‘imiz – ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonchimizda», – dedi prezident.
Bu yilgi Navro‘z mamlakat mustaqilligining 30 yilligida o‘tmoqda. Xalqimiz bu ayyomni baland kayfiyat bilan kutib olmoqda.
«Navro‘zning o‘lmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan uyg‘un va hamohangdir. Xalqimizning fidokorona mehnati, qat'iy siyosiy irodamiz bilan keng ko‘lamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini ta'minlashga xizmat qiladigan to‘g‘ri yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz», - deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Barcha soha va hududlardagi sa'y-harakatlar o‘z natijalarini bermoqda. Zamonaviy korxonalar, yangi uy-joylar, ilm va madaniyat maskanlari qurilib, shahar va qishloqlar obod bo‘lib bormoqda.
Mamlakatda aholining barcha qatlamlari, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlarning muammolarini hal etish, ularni bilim va kasb-hunarga o‘rgatish, ish o‘rinlari, daromad manbai, turar joylar bilan ta'minlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Bularning hammasi Navro‘zning mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, obodlik qadriyatlariga mosdir.
Davlat rahbari Navro‘z bayramini nishonlayotgan barcha xalqlarga, xorijiy hamkorlarga ezgu tabrik va salomlarini yo‘lladi.
Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan yakunlandi.
Mavzuga oid
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27 / 24.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024