11:05 / 22.03.2021
8317
O‘zbekistonga shampun idishda 12 kg geroin olib kirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Respublikaga giyohvandlik vositalarini bojxona chegaralari orqali olib o‘tishga uringan 4 nafar qo‘shni davlat fuqarosi qo‘lga olindi.

Surxondaryo viloyati «Ayritom» chegara bojxona postidan shampun qutilarda geroin olib o‘tmoqchi bo‘lgan 4 nafar qo‘shni davlat fuqarosi ushlandi.

Bojxona qo‘mitasining ma'lum qilishicha, ular jami 53 dona shampun qutida 12 kg 355 gr narkotik modda olib o‘tayotganda qo‘lga olingan.

Dastlab postga piyoda kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosining qo‘l yuklari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, sumka ichidagi 14 dona shampun qutida 3 kg 149 gr suyuq shakldagi geroin giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Qisqa fursatda galdagi, 12 dona shampun olib o‘tayotgan yana bir xorijiy fuqaro to‘xtatib qolingan. Uning shampun qutilariga joylangan suyuq geroinning og‘irligi 2 kg 532 gr bo‘lgan.

So‘ngra yana ikki nafar xorijlik shaxslar bojxona postiga salkam 7 kg og‘irlikdagi suyuq geroinni olib kirishga uringan vaqtda to‘xtatib qolindi.

Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq ham Surxondaryoning mazkur postida 1,8 kg geroinni kurtka astari va gilamga shimdirib, chegaradan o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani xabar qilingandi.

Shuningdek, ushbu viloyatda 172 kg.dan ortiq giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston hududidan olib o‘tishga chek qo‘yilgani aytilgan.

Top