O‘zbekiston | 15:59 / 15.02.2022
23419
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston orqali salkam 230 kg geroin olib o‘tishga urinish to‘xtatildi

Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi “Oybek” chegara-bojxona postida yirik miqdordagi geroinni yashirin ravishda O‘zbekiston hududiga olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi. Yuk mashinasi Tojikistondan Rossiyaga yo‘l olgandi.

Foto: KUN.UZ

Yirik miqdordagi geroinni bojxona nazoratidan yashirib olib o‘tishga urinish 2022 yil 13 fevral kuni sodir bo‘lgan. Toshkent viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Oybek” chegara-bojxona postida Tojikistondan Rossiyaga qarab yo‘l olgan, hujjatlarda 21 tonna 649 kg paxta tolasi ortilgan yuk mashinasi ko‘zdan kechiriladi. Maxsus qurilma ko‘rsatgan tasvirlar bojxonachilarda shubha uyg‘otadi va yuk mashinasi chuqurlashtirilgan holda bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.

Transport vositasi xavfsizlik nuqtai nazaridan “Yangiyo‘l” bojxona posti tasarrufidagi bojxona omboriga keltirilib, unga ortilgan 107 ta paxta toylari tirkamadan tushiriladi.

“Yuk tushirilgach, tirkamaning shubhali tuyulayotgan old qismini yaqindan sinchiklab kuzatish imkoni paydo bo‘ldi. O‘rganishlar tirkamaning old qismidagi yashirin bo‘lmalar borligini ko‘rsatdi. Ushbu bo‘lmalar ochilganda, u yerga giyohvandlik vositalari yashirilgani fosh qilindi.

Giyohvandlik vositalarini qabul qilib oluvchi shaxslarga qulay bo‘lishi uchun o‘ramlar turli ranglardagi skotchlarda, turli usullarda o‘ralgan. Va har qaysi o‘ram nechtaligi haqida xufiya yashiklarga yozib qo‘yilgan. O‘ramlarning umumiy soni 232 dona bo‘lib, ekspertiza xulosasi ularda geroin borligini tasdiqladi. To‘xtatib qolingan geroinning sof og‘irligi 229 kg 719 grammni tashkil qilmoqda”, deydi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Husan Tangriyev.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmatiga ko‘ra, bugungi kunda 230 kg geroinning Yevropa “qora bozorlari”dagi narxi o‘rtacha 12-14 mln dollarni tashkil qiladi.

Mavzuga oid