08:23 / 24.03.2021
8403
Ulkan konteyner tashuvchi kema Suvaysh kanalidagi qatnovni to‘liq to‘xtatib qo‘ydi

Evergreen transport kompaniyasining Panama bayrog‘i ostida suzayotgan konteyner tashuvchi kemasi Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib, O‘rta yer dengizi va Qizil dengizni bog‘lovchi kanalda kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘ydi. 

Voqea joyidan olingan suratlarga ko‘ra, suv sig‘imdorligi 200 ming tonnani tashkil qiluvchi kema kanalga ko‘ndalang turib qolgan va ikki tomonlama harakatni to‘sib qo‘ygan. Kemani burishga urinishlar hozircha besamar ketmoqda. Buksirlar bir necha soatdan beri uni siljitishga harakat qilmoqda.

Kema 23 mart kuni Qizil dengizdan kanalga kirgach sayozlikka o‘tirgan.

Kemalar ortidan kuzatuvchi xalqaro tizim AIS ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Suvaysh kanalidan janubda, Qizil dengizda katta sonda kemalar to‘planib qolgan. 

Ta'kidlanishicha, bortida minglab og‘ir konteynerlar bo‘lgan kema Xitoydan Niderlandiyaning Rotterdam portiga yo‘nalayotgan bo‘lgan.

Suvaysh kanali Misrning shimoli-sharqiy qismida joylashgan shlyuzsiz dengiz kanali hisoblanadi. U Atlantika va Hind okeanlari o‘rtasidagi eng qisqa suv yo‘li (Afrikani aylanib o‘tishni 8-15 ming kmga qisqartiradi) bo‘lib, Osiyo bilan Afrika o‘rtasidagi shartli geografik chegara deb qabul qilingan. Kanal kema qatnovi uchun 1869 yil 17 noyabrda ochilgan. Uzunligi 161 km (kanalning chiqishdagi davomi bilan esa 173 km), kengligi sirtida 120–150 m, tubida esa 45–60 mni tashkil qiladi. Kemalar kanalni o‘rtacha 11-12 soatda suzib o‘tadi.

Mavzu
Suvayshda tirbandlik
Ulkan kema Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi, buning ortidan dunyoda neft narxi keskin o‘sdi.
Barchasi
Top