14:40 / 29.03.2021
49467
«Libos kiydirilgan» demokratiya va «sho‘rpeshona» ma'naviyat. Jamiyatni bezovta qilayotgan so‘nggi voqealar haqida

Asli «esdan chiqib qolgan» so‘zlar

Ko‘p ishlatiladigan so‘zlar bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan ularning aksari bir muammoga yo‘liqadi – ko‘p va davomli ishlatilishi hamda boshqa omillar ta'sirida asl ma'nosini yo‘qotib qo‘yadi yoki asl ma'nosining muhim jihatlaridan ajrab qoladi. Ana keyin tomosha qiling – aslidan ajralgan, boshqa «libos kiydirilgan» bechora so‘z dunyo bo‘ylab shahdam qadam tashlay boshlaydi.    

Afsuski, demokratiya so‘zi aynan shunday so‘zlardan biri. Avvalida «xalq hokimiyati», ya'niki jamiyat o‘z hayotini o‘zi (yakka shaxslar yoki guruhlar emas) tartiblashi ma'nosini o‘z ichiga olgan bu tushuncha keyinchalik ko‘p holatlarda o‘z ismining ziddiga ishlatiladigan bo‘ldi. Qanday qilib deysizmi?

Gap shundaki, umume'tirof etilgan – aksar davlatlar tomonidan qabul qilingan ustuvor har bir tushuncha o‘z mohiyatiga ko‘ra yaxshilikka, dunyoda tinchlik bo‘lishiga, xalqlar totuv yashashiga xizmat qilishi nazarda tutiladi. Aks holda u xalqlar uchun oliy tushunchaga aylanolmasdi – qaysi xalq totuvlik-tinchlikka zid tushunchani oliy qadriyatlardan biri sifatida qabul qilardi?  

Demokratiya tushunchasi ham mustasno emas – uni ham xalqlar tagida faqat yaxshilik borligi uchun bosh tamoyillardan biri o‘laroq umumqabul qilishgan, asosiy qomuslariga zar bilan yozib qo‘yishgan. Axir, jamiyat o‘z hayotini ko‘pchilik bo‘lib o‘zi tartiblashi yaxshilikdan boshqa narsa emas-da!

Unda muammo nimada, nega biz kinoyali sarlavhaga o‘rin berdik?  

Demokratiyaga xos bo‘lmagan «demokratiya»

Demokratiya-ku yaxshi niyatda «xalq hokimiyati» degan ma'nosi bilan xalqlar tomonidan tan olingan tushuncha, biroq u, afsuski, voqelikda, xalqaro maydonda ba'zida aksincha – xalqning irodasiga zid narsalarni xalqqa majburlash uchun vosita qilinadi. Shunda savol paydo bo‘ladi: «demokratiya – xalq hokimiyati, demokratik jamiyat esa xalq irodasi ustun bo‘lgan jamiyat emasmidi?!» Yoki demokratiya bu bir toifaning demokratiya talqinini barchaga barobar majbur qilishmi? Majburlov demokratiyaga xosmi? Har qanday majburlov totuvlikka putur yetkazishini hisobga olsak, unda umumqabul qilingan ustuvor tushunchalarning, xususan, demokratiyaning dunyoda totuvlikka xizmat qilishi bosh tamoyili qayerda qoladi?  

Bevosita misollarga o‘tamiz.

Bir toifa birjinsli aloqalar (homoseksuallik)ni normal holat deb qabul qiladi, bu – fakt. Mazkur toifaning qarashlari uning dunyoqarashidan – dunyo haqidagi tasavvurlaridan kelib chiqadi. Ha, har bir inson o‘z dunyoqarashini o‘zi shakllantirishga haqli. Biroq...

Yer yuzida boshqa bir toifa ham bor. Bu toifaning dunyoqarashi homoseksuallikni normal holat deb qabul qilolmaydi. Islom, xristian, buddizm va yahudiy dinlari bunga gunoh deb qaraydi.

Bunga javoban qarshi taraf «xo‘sh, ular buni qabul qilolmas ekan, ammo ularni hech kim bunga majburlayotgani yo‘q, shunchaki gap ularning jamiyatida bu narsaga qonunan o‘rin berish, noodatiy jinsiy aloqa qiluvchilarning ham huquqlarini himoya qilish haqida ketyapti» deyishadi. Biroq:

  • bu iddaolari bilan o‘zlariga qarshi chiqayotganlarini, gaplari demokratiyaning asosiy ma'nosiga zid ekanini anglashmaydi (yoki buni anglagan holda aytishadi): demokratiyaga muvofiq, har bir jamiyat o‘z ijtimoiy hayoti tartibini ovoz berish yo‘li bilan o‘zi belgilaydi;
  • bu ham mazkur toifaning dunyoqarashidan kelib chiqadigan iddao, xolos, universal haqiqat emas.

Hamma tengmi yoki ba'zilar hammadan «tengroq»mi?

Dunyoda turli dunyoqarashga ega odamlar yashaydi. Masalan, dunyo haqidagi tasavvurlari diniy manbalar ta'sirida shakllangan bir necha milliard kishi yashaydi yer yuzida. Ularning bazaviy qarashlari qandaydir injiqlik yoki xurofot mahsuli emas, balki diniy e'tiqodlaridan kelib chiqadi. Ya'ni hammasi jiddiy – hazil emas.

O‘zbekiston aholisining 93 foizi – musulmonlar. Islom diniga muvofiq, musulmon kishi homoseksuallikni og‘ir gunohlardan hisoblashi – e'tiqod taqozosi. Shu bois, musulmon kishi bu narsani «mumkin qiladigan» – oqlaydigan biror so‘z aytishi yoxud harakat qilishi mumkin emas. Aks holda u o‘z e'tiqodiga zid ish qilgan bo‘ladi. Inchunun, qarshi taraf taklifi musulmonlar uchun imkon doirasidan tashqarida bo‘lgan narsa – ular bunga rozi bo‘lmaydi. Rozi bo‘lish uchun e'tiqodidan voz kechishi kerak bo‘ladi musulmon kishi. Uni bunga majburlash esa o‘z nomi bilan majburlash – huquqini poymol qilish.

Xo‘sh, xalqimiz homoseksuallikka biroz bo‘lsa ham yon bosmas ekan, qanday qilib xalq ta'sis etgan davlat bunga yon bosishi mumkin? Nega endi o‘z yurtida yashab kelayotgan ko‘pchilik o‘z e'tiqodiga xilof qilib, irodasiga zid keluvchi munosabatni o‘ziga lozim bilishi kerak? Xalq irodasi qayerda qoladi unda? Yoki demokratiya bir joyda vojib bo‘ladi-yu, boshqa joyda yo‘qmi?

Tarbiya, ruh salomatligi va yana o‘sha sho‘rpeshona ma'naviyat haqida    

Har birimiz ajdodlarimizning urinishlari mahsulimiz, ya'ni har birimiz asrlar davomida shakllangan, misqollab yig‘ilgan madaniyatning, tarbiya orqali avloddan avlodga o‘tadigan ma'naviy kodning tashuvchilarimiz. Har bir xalq esa – unikal. To‘g‘ri, istalgan xalq ko‘plab salbiy mantiqsiz xislatlarga ham ega bo‘ladi. Biz ham o‘zimizdan nari qilishimiz kerak bo‘lgan illatlar sohibimiz. Biroq, barcha xalqlar qatori o‘zimizning ijobiy xislatlarimiz bilan biz unikalmiz, inson sivilizatsiyasining boyligimiz.

Unikallik yastanadigan bosh asoslar bor. Bizning ma'naviy asoslarimizni bobolarimiz islom dinidan olib qaror toptirishgan. Bu bizning ustunlarimiz. Bularsiz bizning unikalligimizdan, o‘zligimizdan asar ham qolmaydi. Millat sifatida salomat qolishimiz uchun biz asoslarimizni asrashga majburmiz, ularga nisbatan qilinadigan tahdidni o‘zligimizga, ruhimizga qilingan tahdid deb bilamiz.

«Ma'naviyat» so‘zining siyqasini chiqarganimiz rost. Biroq bu so‘zning zamirida koinot kengligicha ma'no borligini hali yana qaytadan kashf etishga mahkummiz. Zero, busiz bizning kelajagimiz yo‘q: ma'naviy dunyoga bir bor sho‘ng‘igan xalq usiz yasholmaydi. Bizni undan batamom uzoqlashtirishga bo‘ladigan urinishlarga qarshimiz.          

Hukumatlardan LGBT borasida munosabatni o‘zgartirishni talab qiluvchi xalqaro tashkilotlar esa, yuqorida aytganimizdek, bunaqa o‘zgarishlar xalqning irodasi mahsuli bo‘lishi kerakligini (o‘zlari olg‘a surayotgan demokratik tamoyillarni) unutib qo‘yishmoqda, chamasi.

Aytish joizki, bunda ikki xil standartlar ommaning ko‘z o‘ngida yuz beryapti, bu esa xalqaro institutlarning obro‘yiga putur yetkazadi. O‘zganing qadriyatlariga beandishalik har bir ishni buzadi, o‘zaro adovatni keltirib chiqaradi...

Muhammad Shakur

Top