Turkiya demokratiyasi ishlayapti. Bu – turkiy dunyo uchun yaxshi namuna
Yakshanba kungi saylovlar Turkiya nafaqat qonunda, balki amalda va tarixiy tajribaga ko‘ra ham ancha demokratik davlat ekanini yana bir bor isbotladi. Xalqning irodasi amalga oshyapti: odamlar istagan siyosatchilar hokimiyatga kelyapti va mustahkamlanyapti yoki aksincha, ishonchni yo‘qotgan partiyalar va ularning vakillari hokimiyatdan uzoqlashyapti.
O‘tgan yakshanbada Turkiyada munitsipal saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda shaharlar, tumanlar va viloyatlar hokimlari hamda deputatlari saylandi. Turkiyada davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlari xalq irodasiga bog‘langan – saylovlar orqali shakllantiriladi.
O‘tgan 2023 yilda prezidentlik saylovlari bo‘ldi va ancha vaqtdan beri birinchi marta Erdo‘g‘an birinchi turdayoq yuta olmadi. Va ikkinchi turda, o‘z muxolifi Qilichdoro‘g‘lini 5 foizlik farq bilan yenga oldi.
Turkiya parlamenti 600 deputatdan iborat. Buyuk Millat Majlisini muxolifatsiz, muqobil qarashlar va tanqidlarsiz tasavvur qilish qiyin. Turkiyada bugun jami ro‘yxatdan o‘tgan siyosiy partiyalar soni 122 dan oshgan. Har yili bir nechta yangi partiyalar tuziladi va ro‘yxatdan o‘tadi. Siyosiy plyuralizm – Turkiya siyosiy hayotiga to‘liq kirib borgan demokratik institut hisoblanadi.
Kechagi munitsipal saylovlar natijalari Erdo‘g‘an va uning partiyasi hisoblanmish “Adolat va taraqqiyot” partiyasi uchun juda salbiy bo‘ldi. Erdo‘g‘an va uning partiyasi Turkiyadagi 64 foiz munitsipalitetlarni, mahalliy hokimiyatlarni qo‘ldan boy berdi. Bu 64 foiz munitsipalitetlarga Turkiya iqtisodiy ulushining 80 foizi to‘g‘ri keladi.
Qiyoslash uchun, 2019 yilgi munitsipal saylovlarda “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hamda ushbu partiyaning ittifoqchilari birgalikda 44 foiz ovoz olishgan edi. Bu safar esa 35 foiz ovoz olishdi. Muxolifatdagi Xalq respublikachilar partiyasi esa 2019 yilda 30 foiz ovoz to‘plagan edi, kechagi saylovlarda bu ulush 37 foizga ko‘tarildi.
Istanbul – Turkiyaning eng yirik shahri, iqtisodiy va madaniy markazi, sobiq poytaxt. Erdo‘g‘an 2019 yildayoq Istanbul va Anqara hokimiyatlarini qo‘ldan boy bergan edi. Kechagi saylovlarda ushbu yirik shaharlarda muxolif siyosatchilar yanada kattaroq ovoz bilan mustahkamlandi. Erdo‘g‘an tarafdori Murod Qurum kattaroq foizlar bilan yutqazishdi.
Istanbul – Turkiyadagi siyosiy o‘zgarishlarni anglash uchun muhim shahar. Birgina Istanbulning budjeti 16 milliard dollarni tashkil qiladi, davlat yalpi ichki mahsulotining salkam uchdan biri Istanbul va uning atrofida ishlab chiqiladi. 1994 yilda Erdo‘g‘an o‘zining katta siyosiy karerasini Istanbulda boshlagan edi. Bugun Erdo‘g‘an va uning partiyasi Istanbul va boshqa yirik shaharlarda yutqazib qo‘yishdi.
Xo‘sh, nega turklarning Erdo‘g‘anga, “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga ishonchi pasaydi? Buning sabablari ko‘p. Pandemiyadan keyingi iqtisodiy vaziyat tez va sifatli o‘nglanmadi. Aksincha, keyingi 5-6 yilda turk lirasi juda katta tezlikda qadrsizlanmoqda. Suriya va Iroq urushi sababli Turkiyada qochqinlar soni oshib ketdi. Qolaversa, Erdo‘g‘anning geosiyosiy mustaqillikka intilishi dunyoning moliyaviy markazlari tomonidan Turkiyaga nisbatan yashirin bosimlarga ham sabab bo‘ldi.
Lekin, eng asosiysi – bu ijtimoiy psixologiya. Siyosiy liderlar qanchalik malakali bo‘lmasin, jamiyatning ehtiyoji va qarashlari o‘sib, o‘zgarib boradi. Demokratiya – o‘zgarishlarni eng tez va samarali rasmiylashtiradigan vosita hisoblanadi. Turkiya nafaqat qonunda, balki amalda va tarixiy tajribaga ko‘ra ham, ancha demokratik davlat ekanini isbotladi. Turkiya demokratiyasi ishlayapti. Xalqning irodasi amalga oshyapti, odamlar istagan siyosatchilar hokimiyatga kelyapti va mustahkamlanyapti, yoki aksincha, xalqning ishonchi pasaygan siyosiy partiyalar va ularning vakillari hokimiyatdan uzoqlashyapti.
Turkiya demokratiyasi turkiy davlatlar uchun juda yaxshi o‘rnak va misol bo‘la oladi.
Dunyoda mustaqil oltita turkiy davlat mavjud. Bu – Turkiyadan tashqari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon. Garchi konstitutsiyalarga ko‘ra barcha turkiy davlatlar huquqiy-demokratik bo‘lsa-da, amaliyotda siyosiy plyuralizmni joriy qila olgan, haqiqiy siyosiy raqobatga asoslangan saylovlar tizimini yo‘lga qo‘ya olgan yagona turkiy davlat – bu Turkiya bo‘lib qolmoqda.
Turkiya demokratiyasi O‘zbekistonga, Markaziy Osiyoga, Kavkazdagi Ozarbayjonga, qolaversa, musulmon dunyosiga bitta muhim xabarni takrorlayveradi: milliy boylik yaratish uchun, iqtisodiy va siyosiy qudratni parvarishlash uchun, insonlarni emin-erkin qilish uchun demokratiyadan, huquqiy davlatchilikdan va siyosiy plyuralizmdan ko‘ra samaraliroq, to‘g‘riroq yo‘l yo‘q.
Demokratiyadan qo‘rqish kerak emas. Aksincha, kimki tezroq demokratik jarayonlarni boshlasa, samarasini ham tezroq qo‘lga kirita oladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
20:48 / 25.12.2024
Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini «dafn etish»ga va’da berdi
17:38 / 24.12.2024
Turkiyada portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda portlash sodir bo‘ldi
00:45 / 23.12.2024