21:39 / 31.03.2021
3910
Jahon banki Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish joriy yilda 3,7 foizga tiklanishini prognoz qilmoqda

Joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha Jahon bankining hisobotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2021 yilda 3,7 foizga va 2022 yilda 4,1 foizgacha tiklanishi prognoz qilinmoqda.

Jahon banki «Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy sharhlar»ning navbatdagi sonini e'lon qildi.

Hisobotda aytilishicha, bu yil mintaqadagi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning 3,6 foizga o‘sishi kutilmoqda, chunki eksport tiklanishi va sanoat tovarlariga narxlarning barqarorlashuvi 2020 yil oxirida boshlangan pandemiyaning navbatdagi to‘lqini va yaqinda yangi koronavirus holatlari ko‘payganligining ta'sirini yumshatadi.

2020 yilda Sovid-19 pandemiyasi oqibatlari sababli kuzatilgan 2 foizlik iqtisodiy pasayish ortidan 2021 yilda mo‘'tadil o‘sish prognoz qilinmoqda. Mintaqadagi eng yirik ikki iqtisodiyot hisoblangan Turkiyadagi iqtisodiy tiklanish prognozdan ko‘ra kuchliroq bo‘lganligi va Rossiya iqtisodiyotining barqarorligi tufayli pasayish kutilganidan ko‘ra kamroq bo‘lgan.

O‘sish sur'atlari tiklanganiga qaramasdan, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning tiklanish sur'atlari past bo‘lib qolmoqda va pandemiya boshlanishidan oldingi darajasiga qaytmagan.

Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida hukumatlarning iqtisodiyotni shakllantirishdagi an'anaviy muhim rolini hisobga olgan holda, samarali davlat boshqaruvi yanada muhimroq ahamiyatga ega. Ushbu mintaqada davlat xarajatlari YaIMning qariyb 40 foizini tashkil qiladi, davlat sektorida esa eng o‘qimishli va samarali ishchilarning to‘rtdan biridan ko‘prog‘i ishlaydi, bunda barcha davlat sektori ishchilarining 57 foizini ayollar tashkil etadi.

Yaqin kelajakda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlarda hukumatlarning roli yanada oshishi mumkin. Bu asosan keksayib qolgan aholiga xizmat ko‘rsatish uchun uzoq muddatli parvarishlash va sog‘liqni saqlash tizimlarini, hamda pandemiya sharoitida hukumatning tengsizlik masalalarini hal qilish va sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan faoliyatiga oid chora-tadbirlarni kengaytirish zarurati bilan bog‘liq.

Markaziy Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy vaziyat

Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa qismi bilan taqqoslaganda, Sovid-19 bilan kasallanganlar soni Markaziy Osiyo sub-mintaqasida nisbatan pastroq bo‘lib qolmoqda. Biroq, 2021 yilning martida ushbu ko‘rsatkichlar o‘sishi sababli, ba'zi davlatlar hukumatlari sog‘liqni saqlash tizimiga bosimni kamaytirish uchun turli cheklovlarni kengaytirishga majbur bo‘ldi.

Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2021 yilda 3,7 foizga va 2022 yilda 4,1 foizgacha tiklanishi kutilmoqda. Bu tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha past. Shu bilan birga, 2022 yilga borib aholi jon boshiga daromad hajmi pandemiyadan oldin e'lon qilingan prognozlardan 6,4 foizga past bo‘lishi kutilmoqda.

Pandemiyaning og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga qaramasdan, 2020 yilda amalga oshirilishda davom etgan islohotlar dasturi tufayli O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish mustahkamlanib boradi.

Biroq, sub-mintaqaning ko‘tarilishi Markaziy Osiyoda, ayniqsa Qirg‘izistonda, siyosiy keskinliklar va ijtimoiy notinchliklar sababli kuchayib borayotgan siyosiy noaniqlik oqibatida cheklanib qolmoqda. Inflyatsion bosimlar sub-mintaqadagi ayrim mamlakatlarda ko‘proq cheklovchi pul-kredit siyosatini keltirib chiqardi, Qirg‘iziston va Tojikiston esa asosiy foiz stavkalari oshirildi.

Top