21:46 / 12.04.2021
10054
Ukraina Rossiya tufayli YeXHT yig‘ilishini chaqirdi

AQShning YeXHTdagi missiyasi Rossiyada 48 soat davomida o‘z harakatlarini izohlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lishini bildirdi.

Foto: DPA

Ukraina Rossiyaning harbiy faolligi tufayli YeXHT yig‘ilishini chaqirdi. Bu haqda Ukrainaning xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Yevgeniy Tsimbalyuk o‘zining Twitter sahifasida ma'lum qildi.

 "Ukraina Rossiyaning Ukraina chegarasi bo‘ylab va vaqtincha egallab olingan hududlarida harbiy faolligini sezilarli darajada oshirgani masalasini ko‘rib chiqish uchun YeXHTning doimiy kengashi va xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik forumining qo‘shma yig‘ilishini chaqirdi", - deb yozdi u.

O‘z navbatida, AQShning YeXHTdagi missiyasi Rossiyada 48 soat davomida o‘z harakatlarini izohlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lishini bildirdi.

 "Rossiya qo‘shinlari harakati haqida ma'lumot berish yoki Vena hujjati bo‘yicha shaffoflikni ta'minlashdan bosh tortdi. Biz Rossiyani majburiyatlarini bajarishga va o‘z harakatlari yuzasidan izoh berishga chaqiramiz", - deyiladi missiya xabarida.

 Rossiya YeXHTning 10 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida qatnashishni rad etgandi.

Mavzu
Ukraina mojarosi
2020 yil mart oyi oxirida ukrainalik harbiylar Donbassdan berilgan artilleriya zarbalari qurboni bo‘ldi. Aprel oyi boshida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini to‘play boshladi.
Barchasi
Top