16:43 / 13.04.2021
17257

«80 ming ishsiz yoshlardan 5 mingga yaqini doimiy ishga joylashtirilgan, xolos» - Andijon viloyatidagi holat tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligini ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektorda Andijon viloyatidagi holatni tanqid qilindi.

Viloyatdagi sanoat korxonalari va klasterlarda yana 7 mingta doimiy vakant ish o‘rinlari borligiga qaramasdan, birinchi chorakda 80 ming ishsiz yoshlardan 5 mingga yaqini doimiy ishga joylashtirilgan.

«Joriy yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha oldimizga katta marra va muhim vazifalarni belgilab olganmiz. Yanvar oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2ta ustuvor yo‘nalish – yoshlarning bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

Bugungi yig‘ilishda vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar bu borada ishlarni qanday tashkil etgani, yarim yillikda, 9 oy va yil yakuniga qadar erishiladigan aniq natijalar yuzasidan hisobot beradilar.

Respublika bo‘yicha 648 ming nafar ishsizlar «Yoshlar daftari»ga kiritilgan bo‘lsa, shundan birinchi chorakda 283 ming yoshlarning bandligi ta'minlandi.

Xususan, 175 ming nafar yoshlarga 45 ming gektar yer maydoni ajratildi, 76 ming nafar yoshlar doimiy va jamoat ishlariga joylashtirildi, 33 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 milliard so‘m kredit, 6 ming nafariga subsidiya ajratilib, bandligiga ko‘maklashildi.

Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha turli to‘garaklar tashkil etilib, 874 mingga yaqin yoshlar jalb etildi.

«Besh muhim tashabbus» doirasida 97 mingta madaniyat, sport inventarlari va kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob ta'lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga yetkazib berildi», degan davlat rahbari.

Shu bilan birga, ayrim rahbarlarning yoshlar masalalariga e'tibori hali ham talab darajasida emasligiga e'tibor qaratildi.

«Misol uchun, Andijon viloyatida 80 ming nafar ishsiz yoshlardan, birinchi chorakda 35 ming 600 nafarining bandligi ta'minlangan bo‘lsa, shundan bor-yo‘g‘i 5 mingga yaqini doimiy ishlarga joylashtirilgan, xolos. Vaholanki, bugungi kunda viloyatda sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish o‘rinlari mavjud.

Jalaquduq, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahrida bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Xuddi shu kabi, ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitishda ham muammolar bor. Ayniqsa, Kosonsoyda 4,5 ming nafar ishsiz yoshlarning 31 nafari, Namangan tumanida 3,6 ming nafardan 47 nafari, Taxtako‘pirda 1,3 ming nafardan 45 nafari o‘qitilgan, xolos.

Shuningdek, yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishi uchun Bandlik jamg‘armasidan 7 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 5 nafar, Andijonda 11 nafar, Qoraqalpog‘istonda 76 nafar yoshlarga subsidiya ajratilgan.

Uch oyda respublika bo‘yicha 21 ming nafar yoshlar tadbirkorlikka o‘qitilgan (viloyatlar kesimida o‘rtacha 1,5 ming nafar), Toshkent shahrida atigi 1 mingta, Namanganda esa 1 ming 100 ta sertifikat berilgan. Buxoroda esa bor-yo‘g‘i 216 nafar yoshlarga kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali 6,2 milliard so‘m kredit ajratilgan (o‘qitilganlarning 20 foizi).

Bu holat imtiyozli kreditlarni ajratishdan avval, yoshlarni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishga yetarli e'tibor berilmayotganidan dalolat», degan davlat rahbari.

Mavzuga oid
Top