14:40 / 13.04.2021
1190
Turizm va sport vazirligi turizm soha vakillariga subsidiyalanish tartiblarini ma'lum qildi

Vazirlik turoperator, turagent va joylashtirish vositalarining subsidiyalanishi yuzasidan belgilangan tartib muddati to‘lgani hamda mehmonxona xizmatlarini 10 foizgacha subsidiyalash uchun arizalar qabuli to‘xtatilganini ma'lum qildi.

Turizm va sport vazirligi tomonidan turoperator, turagent va joylashtirish vositalarining subsidiyalanishi yuzasidan belgilangan tartib muddati to‘lgani ma'lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 1 martga qadar joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalari subsidiyalanishi belgilangan bo‘lib, mazkur subsidiyaga arizalar qabul qilish bugungi kunda to‘xtatilgan. Ushbu subsidiyalash tartibi prezidentning «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida nazarda tutilgan edi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining «Turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida Nizom»iga muvofiq, subsidiya turoperator, turagent va joylashtirish vositalariga har oy yakuni bo‘yicha, ularning har oyda (oy yakuni bilan keyingi oyning 5-kuniga qadar) taqdim etadigan arizalari asosida ajratiladi.

Bundan tashqari, vazirlik 2021 yil 1 martdan 2022 yil 1 iyungacha bo‘lgan davr uchun joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlari subsidiyalanadigan eng yuqori darajasi bo‘yicha imtiyozlardan sayohat tashkilotchilari foydalanishi mumkinligini ma'lum qildi. Ushbu imtiyoz «Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarorida nazarda tutilgan.

Avvalroq, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov mehmonxonalarga qancha subsidiya kerak bo‘lsa bir kunda to‘lab berilishini ma'lum qilgandi.

«2021 yil oxirigacha subsidiya olish uchun kamida 120–150 milliard so‘mlik murojaatlar bo‘lishi kutilmoqda. Lekin bu subsidiyalar chegaralangan degani emas. Qancha kerak bo‘lsa, pul bor, faqatgina tezroq qurish lozim», – degan edi u.

Shuningdek, 3 va 4 yulduzli mehmonxonalarga subsidiya berish muddati 2023 yil oxirigacha uzaytirilgani xabar qilingandi.

Top