15:57 / 16.04.2021
5450
Jizzaxdagi abgor arxivlar: nega mahalliy hokimlar prezident farmoni va hukumat qaroriga bepisand?

Jizzax viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Kazakov Kun.uz tahririyatiga murojaat qildi. Ma'lum qilinishicha, butun viloyat markazi va bir qator tumanlarda arxiv binolarining ahvoli qoniqarli emas.

«O‘zArxiv» agentligi tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi boshqarmada 4ta davlat arxivi hamda 11ta shaxsiy tarkib hujjatlari bo‘yicha davlat arxivlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Davlat arxivlarida 1914 yildan hozirgi kungacha mavjud bo‘lgan Milliy arxiv fondiga kiritilgan ijtimoiy-siyosiy va shaxsiy tarkibga oid hujjatlar saqlanmoqda. Arxivlar Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan va shaxsiy tarkibga oid hujjatlarni tashkilotlardan qabul qilishni, saqlashni, hisobini yuritishni va hujjatlardan foydalanishni tashkil qiladi.

To‘g‘risini tan olish kerak, arxivlar foydalanayotgan binolar, ulardagi sharoitlarni aslo risoladagidek deb bo‘lmaydi. Uzoq yillardan beri saqlanayotgan hujjatlar namlik va harorat uzluksiz nazoratda bo‘lgan shinam xonalarda saqlanishini taqozo etadi.

Quyidagi suratlarda viloyat markazi bo‘lmish Jizzax shahri shaxsiy tarkib hujjatlari bo‘yicha davlat arxivi binosining abgor holatlari aks etgan:

«Jizzax shahri, Zafarobod, Paxtakor, Zarbdor, Arnasoy, Forish va Baxmal tumanlari shaxsiy tarkib hujjatlari bo‘yicha davlat arxivlari O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 20 sentyabrdagi 5834-sonli farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 fevraldagi 68-son qaroriga asosan mahalliy hokimliklar tomonidan bino bilan ta'minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rishi kerak edi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 15 iyundagi «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi O‘RQ-252 Qonunining 8-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlari Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, tegishli hududda joylashgan davlat arxivlari va idoraviy arxivlarda turgan arxiv hujjatlarining saqlanishi uchun lozim darajadagi shart-sharoitlarni ta'minlaydi, deb ko‘rsatilgan.

Ushbu masala yuzasidan Jizzax viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi mahalliy hokimliklarga ko‘p marta og‘zaki va yozma murojaat qilinsa-da, masala o‘z yechimini topmay kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida arxiv sohasidagi ishlarni sifatli amalga oshirilishiga salbiy ta'sirini o‘tkazmoqda», deb yozadi A.Kazakov o‘z xatida.

Jizzax shahri, Zafarobod, Paxtakor, Zarbdor, Arnasoy, Forish va Baxmal tumanlari hokimliklari prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining yuqorida tilga olingan qaroriga muvofiq, mahalliy arxivlarni bino bilan ta'minlashi, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashi shart.

Kun.uz Jizzaxdagi bir qator hududlarda arxivlar bilan bog‘liq vaziyat qay tarzda rivojlanishini kuzatib boradi.

Top