19:41 / 16.04.2021
3086
MDH Parlamentlararo Assambleyasi majlisida ishtirokchi davlatlar uchun Migratsiya kodeksi qabul qilindi

16 aprel kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining 52-yalpi majlisi ishida qatnashdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senat axborot xizmati xabarida aytilishicha, pandemiya davrida migratsiya jarayonlarini qonunchilik bilan tartibga solish va unda MDHga a'zo davlatlar parlamentlarining roli majlisda muhokama qilingan asosiy masalalardan biri bo‘ldi.

 Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko Tanzila Norboyevaning Rossiyaga rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan imzolangan ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum MDH PAning boshqa ishtirokchi davlatlari uchun ham yaxshi namuna hisoblanishini ta'kidladi.

Tanzila Norboyeva
Valentina Matviyenko

Parlament a'zolari Assambleya tomonidan tayyorlangan MDH ishtirokchi davlatlari uchun Migratsiya kodeksi loyihasini muhokama qildilar.

 Majlisda so‘zga chiqqan Tanzila Norboyeva MDH PAga a'zo davlatlarni Pandemiya davrida xalqaro ixtiyoriy majburiyatlar kodeksi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

 U shuningdek, MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasi majlislaridan birini 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan Kengash majlisi va PA yalpi majlisi doirasida O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Qayd etilishicha, Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy pandemiya davrida o‘z fuqarolarini o‘z Vataniga qaytarishda samarali ish olib borilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildirdi.

 Majlis yakunlari bo‘yicha model xususiyatga ega 6 ta hujjat - Migratsiya kodeksi, “Bolalarning sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqlarini ta'minlash to‘g‘risida”gi, “Psixiatriya yordami va uni ko‘rsatishda fuqarolarning huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tibbiy yordam ko‘rsatishda klinik tavsiyalar to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida axborot olish haqida”gi, “Mintaqaviy investitsiya loyihalari to‘g‘risida”gi model qonunlar qabul qilindi.

Top