17:21 / 16.04.2021
12033

«Oshxonaning yarmini ma'naviyat xonasi qildik» - Uchko‘prikdagi abgor maktab manzaralari

Kun.uz tahririyatiga Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani «Boboshbek» MFYda joylashgan va abgor holatdagi 3-o‘rta umumta'lim maktabining ahvolidan arz qilingan murojaat kelib tushdi. Kun.uz muxbirlari murojaatni joyiga borib o‘rganishdi.

Hali maktab hududiga kirmasdan turib, uning chindan abgor holatda ekanligini ilg‘ash qiyin emasdi: maktab devori suvoqlari ko‘chib tushgan, dargoh qarshisidan o‘tuvchi ariqlarda chiqindi uyumlari qalashib yotardi.

Maktab hududiga kirganimizda murojaatchilar tomonidan yozilgan xatda tasvirlab berilgandan ham yomonroq ahvoldagi maktab binosiga duch keldik. Gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydigan hojatxonaning o‘ziyoq istalgan insonning ta'bini tirriq qilishi mumkin. Devorlari nurab tushgan. Ichimlik suvi quvurlari ham xizmatini allaqachon o‘tab bo‘lgan edi.

Omborxona va oshxonadagi sharoit ham bir ahvolda. Maktab atrofi devor bilan to‘liq o‘ralmagan. Bino shiferini shamol qayoqlargadir uchirgan aftidan.

Biz borgan paytda maktabda seminar bo‘layotgan, tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri ham tadbirda ishtirok etayotgan ekan. Maktab sharoiti bilan tanishgunimizgacha tadbir yakuniga yetib, mudir ketish taraddudiga tushdi.

Mudirdan ta'lim dargohining ayachli holati haqida munosabat olmoqchi bo‘ldik. U esa tuman prokuraturasida ishi borligi, maktab bilan bog‘liq barcha savollarga qurilish bo‘yicha muhandis javob berishini aytib, ketib qoldi.

Aytish mumkinki, yomonlikni muxbirlar ko‘rsatmasa ham, hammasi o‘zi manaman deb balqib turibdi: maktab binosi shiftlari zaxlab ketgan, suvoqlari nuragan, pollar chirigan, suvoqlar to‘kilgan, partalar singan edi. Eng achinarlisi, xonalar gigiyena talabiga javob bermas, almisoqdan qolgan javonda buyuk siymolar surati mung‘ayibgina turardi.

Holatni jamoatchilikka olib chiqmoqchi bo‘lgan jurnalistdan kir qidirib, uni noxolislikda ayblagandan ko‘ra, sharoitni to‘g‘irlab qo‘yishsa bo‘lmaydimi?

Farzandlari shu maktabda o‘qiydigan ota-onalardan biri Manzura Jalilova ko‘p yillardan buyon yuqori idoralarga qilingan murojaatlar samarasiz bo‘lib qolayotganini aytdi.

«4 nafar farzandim bor. Kenja farzandim shu maktabda o‘qiydi. Qolgan farzandlarim ham aynan shu maktabni tamomlashgan. Shikoyatimiz juda ko‘p. Maktabda sport zal yo‘q. Xonalarda jihozlar juda eskirib ketgan, ta'mirtalab. Pol allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan. Majlislar zali ham yo‘q. Hatto laboratoriya ishlari olib borish uchun asbob-uskunalarni ko‘rmaymiz.

Necha yillardan buyon tuman hokimligi, xalq ta'limi bo‘limi, deputatlarga maktab binosini ta'mirlab berishni so‘rab ota-onalar nomidan bir necha bor murojaat qilganmiz. Lekin natija bo‘lmayapti», deydi u.

Hozirda maktabda uch farzandi tahsil oladigan Komiljon Turopovning o‘zi ham shu maktabda o‘qigan. U o‘zining o‘quvchilik yillarida maktabdagi ahvol hozirgidan ancha yaxshi bo‘lganini aytadi.

«Maktabimiz sharoiti bilan tanishib guvohi bo‘ldinglar. Holat umuman yomon. Tegishli joylarga qachonlardan buyon aytib kelamiz. Murojaat qilsak mutasaddilar kelib, sharoit bilan tanishadi. Shu bilan yana yo‘q bo‘lib ketishadi. Bu borada ularning rejasi qandayligi bizga mavhum. Remont qilib tomlarini ham o‘xshatib berishlarini talab qilamiz.

3 nafar farzandim shu maktabda o‘qiydi. Ular yaxshi sharoitda o‘qishini xohlayman. Boshqa sharoiti yaxshiroq maktabga olib ketay desam, o‘rtoqlaridan ajratgim kelmayapti. Dargohning ko‘rsatib bo‘lmaydigan darajada abgor joylari ham bor. Qish faslida ham isitish ta'minoti talabga javob bermaydi. Mutasaddilardan e'tibor qaratishni iltimos qilib qolamiz. Axir biz o‘qigan paytlarda sharoit bunchalik abgor emasdi», — deydi u.

Nuriddin Sharopov maktabda sport zali yo‘qligiga e'tibor qaratgan.

«Tan olib aytish kerak. Maktabning o‘qituvchilari bilimli. Lekin ko‘rib guvohi bo‘lganingizdek, ta'lim dargohining sharoiti talabga javob bermaydi. Qishda isitish tizimi yomon. Bir so‘z bilan aytganda, maktab kapital ta'mirga muhtoj. Tom qismlarini-ku aytmasa ham bo‘ladi. Shiferlar sinib yotibdi. Oshxona ham yo‘q. Yana bir achinarli jihati, yong‘in xavfsizligi talabiga ham javob bermaydi.

Hech kimga sir emas. Qishloqlarda ham chempionlar yetishib chiqyapti. Sport zali yo‘qligi esa maktabning eng og‘riqli nuqtalaridan biri. Farzandlarimizning sport bilan shug‘ullanishini xohlab boshqa pullik joylarda sport to‘garaklariga berishga majbur bo‘lyapmiz. Ta'lim maskanida davomat ham juda yomon. Bunday sharoitda kimning ham o‘qigisi keladi?» — deydi u.

Xurshid Azizov sharoit yomonligi uchun farzandlarini markazdagi boshqa ta'lim maskaniga ko‘chirishga majbur bo‘lganini ma'lum qildi.

«O‘zim ham shu maktabni tamomlaganman. Hunar egallab hayotda o‘z yo‘limizni topib olganmiz. Maktabning sharoitini ko‘rib, 2 nafar farzandimni markazdagi boshqa ta'lim maskaniga olishga majbur bo‘ldim. Uyimdan uzoqda bo‘lsa ham ular sharoiti ancha yaxshi maktabda tahsil olishyapti. Ayniqsa, 3-maktabda qish faslida davomat kamayib ketadi. «Boboshbek» MFYda bilimga tirishqoq bolalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Qani endi mutasaddilar maktab sharoitini o‘nglab bersa...», deydi u.

3-maktab direktori Hoshiyaxon Ortiqovadan maktab nima uchun bu ahvolga kelib qolgani, dargoh qachon ta'mirlanishi haqida so‘radik.

«Bu maktabda 2020 yil 18 fevraldan direktor bo‘lib ishlayman. O‘quvchilarga hozirda 68 nafar pedagog bilim berib kelishadi. Maktab ta'miri bo‘yicha yuqori tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Lekin urinishlar naf bermayapti. 2021 yilda ta'mirlanishi aytilgan edi. Pandemiya tufayli kapital ta'mir 2023 yilga surildi.

Mart oyida tuman hokimi maktabga kelib sharoit bilan tanishgan. O‘shanda hokim ta'mir uchun mablag‘ yo‘q ekanini aytgan.

Isitish tizimi yomon holatda. Bitta qozonxonamiz ishdan chiqqan. Qish faslida berilgan ko‘mir sifatsiz. Avgust oyida bergan ko‘mirlarini zaxira qilib olib qo‘yamiz.

Jismoniy tarbiya darslari ob-havo yaxshiligida tashqarida o‘tiladi. Sport zali yo‘qligi uchun dars soatlari kamaytirildi. Bir soat nazariy o‘tishdi. Amaliysini o‘tishmadi.

Oshxonamizda inventar yetishmaydi. Stol va stullar yetishmaydi. XTB, mahalla homiyligida oshxonaning yarmini ma'naviyat xonasi qildik. Shunday sharoitda ham o‘quvchilarga bilim berib kelyapmiz. Sport zali bo‘lmasa ham o‘quvchilarimiz sport musobaqalarida o‘rin olib kelishadi», — dedi maktab direktori Hoshiyaxon Ortiqova.

Bu vaqtda tuman XTB mudiri Dilafruz Ayupova qaytib kelgandi. Mudir maktabning kapital ta'miri bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

«2018 yilda maktabning bir korpusiga xalq ta'limi bo‘limi smetasidan 22,5 million so‘m mablag‘ ajratilgan. 2019 yilda biz turgan binoning tom qismi ta'mirlangan. Bunga 30 million so‘m sarflangan. 2020 yilda bitta sinf xonasi homiylar tomonidan komplekt parta-stullar bilan ta'minlangan. Qo‘shimcha oshxonamizga 19 million so‘m sarflangan shu kungacha. 2020 yilda pandemiya tufayli joriy ta'mirga ajratilgan mablag‘larimiz davlat tomonidan kesib olindi. Lekin mablag‘ ajratilgan edi. 2023 yilda dastur bo‘yicha 41-, 46-, 40-, 3- maktablarni dasturga kiritganmiz.

Bo‘lim tomonidan vazirlikka maktabni ta'mirlash uchun taklif berilgan. Vazirlik ta'mirlashni 2020 yilga bergan edi. Endi bu 2023 yilga surildi. Ta'mirlash uchun mablag‘ni viloyat hokimligi va vazirlik hal qiladi. Yuqori tashkilotlarga taklif bizdan beriladi. Biz odatda taklifni viloyatga beramiz. Viloyat vazirlikka beradi. Maktabda sport zali va ma'naviyat xonasi yo‘q. Bu binolar kapital ta'mirlash vaqtida qurilishi rejalashtirilgan.

Birgina bu maktab emas, tuman maktablarida muammolar ko‘p. Imkoniyat darajasida bularni bartaraf qilish uchun harakat qilyapmiz.

Har yili biz ta'mirga muhtoj maktablarni joriy va kapital ta'mir qilish uchun yuqori tashkilotlarga takliflar berib kelamiz», — deydi mudir.

O‘tgan yillardagi ta'mirlash ishlariga qaramay, maktab hamon o‘ta achinarli ahvolda qolmoqda.

Bugun kelajak poydevori deb qaralayotgan yosh avlod shunday sharoitda tahsil olsa yarasharmikan? Uchko‘priklik o‘quvchilar ham zamonaviy ta'lim dargohlarida ta'lim olishni xohlashadi. Ularning ham havas qilsa arzigulik darajadagi maktablarda o‘qishga haqqi bor.

Umid qilamizki, yaqin fursatlarda maktab to‘liq ta'mirdan chiqariladi.

Sarvar Ziyayev, Fayzullo Sultonov.
Kun.uz muxbirlari

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top