12:07 / 16.04.2021
3217
«Xorij va ayrim milliy seriallarini berish orqali ayollarga nisbatan qanday zug‘um qilishni o‘rgatib qo‘yyapmiz» – AOKA
Foto: Getty Images/Manuel Breva Colmeiro

Joriy yil 15 aprel kuni «Yuksalish» umummilliy harakati binosida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan «Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan media mahsulotlarni gender ekspertizadan o‘tkazish masalalari: qonunchilik va amaliyot» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshqarma boshlig‘i Ma'mur Parpiyev turk seriallari haqida fikrlarini aytdi.

«O‘tgan yilgi dastlabki 9 oy davomida OAVda berilayotgan media mahsulotlar monitoring qilinganda, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq, zo‘ravonlik targ‘ib qilingan materiallar soni 580tani tashkil qilgan. Bu holatlar telegram messenjeri va ijtimoiy tarmoq sahifalarida boshqa OAV turlariga nisbatan salmog‘i ko‘proq. Masalan, termizlik ayolning o‘z joniga qasd qilish holati bo‘yicha ilk manba internet sayt hisoblanadi. Shunga asoslanib, butun jamoatchilikning e'tibori voqelikka qaratildi va media shu xabar bilan to‘ldi. Bu ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarga olib keladi.

O‘tgan yilgi pandemiya tufayli seriallar namoyish etilishi ko‘paydi, chunki odamlar ko‘proq vaqtini uyda o‘tkazdi. Shu davrda efirga ketgan seriallar, ayniqsa, turk seriallari oilada zo‘ravonlik targ‘ib qilinishiga sabab bo‘ldi. Masalan, turmush o‘rtog‘i bo‘la turib, boshqa erkak bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ayol ijobiy qahramon bo‘lib efirga ketyapti.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilishi holatlari nafaqat xorij, balki milliy seriallarimizni ham chetlab o‘tmagan. Bu klip va filmlarga ko‘chdi. Telekanallarga tavsiyaviy xarakterda ushbu materiallarni bermaslikni aytamiz, ularga bergan mahsulotlarida ma'lum qonunchilik talablariga zid holat kuzatilayotgani haqida xabar beramiz. Qaysidir OAV bundan xulosa chiqaradi, ayrimlari esa aksincha.

Fevral oyidan boshlab xorij seriallarini bir kunda bir mahal berish bo‘yicha kengash qarori chiqdi. Ular o‘rniga milliy seriallar sonini ko‘paytirish talabi qo‘yildi. Bundan tashqari, bir necha turk seriallarida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik targ‘ib qilinayotgani haqida agentlikka ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Xorij seriallarini efirga berish orqali oilalarda zo‘ravonlik qilish normal holat ekanligini ko‘rsatib beryapmiz. Masalan, xorij va ayrim milliy seriallarini berish orqali yosh oilalarga o‘zaro munosabatlarda ayollarga nisbatan qanday zug‘um qilishni o‘rgatib qo‘yyapmiz.

Bunday holatlar keyinchalik ro‘y bermasligi uchun OAVda gender tengligi nimaligini tushunadigan mutaxassislarni tayyorlashimiz, har bir OAV qoshida badiiy kengashlar tashkil qilinishi lozim», – dedi Parpiyev.

Top