2023 yil 4 dekabr kuni Qozog‘istondagi ommabop telekanallardan biri NTKda uzoq kutilgan «MEOW» serialining premerasi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu jinoiy dramalar hikoya qilinadigan serial Qozog‘iston respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi, NTK telekanali va B.A.S PRODUCTION kompaniyasining qo‘shma loyihasi hisoblanadi.
Serialda Qozog‘istonda psixotrop tabletkalar va giyohvand moddalar qanday yo‘llar bilan tarqatiladi, yangi mijozlar qay tarzda og‘u changaliga ilintiriladi, politsiya ularga qarshi qanday kurashmoqda, nashavand bo‘lib qolganlar va ularning yaqinlari qanday azoblarga duch kelishadi, shular haqida hikoya qilinadi.
Serial «ekshn» yo‘nalishida olingan bo‘lib, unda giyohvand moddalar sotuvchilari va ularga qarshi kurashuvchilar orasidagi «janglar», ta’qiblar va otishmalar bilan bog‘liq qiziqarli voqealar qamrab olingan.
NTK telekanali bosh direktori Saida Igenbekning so‘zlariga ko‘ra, jamoa yaqinda namoyish etilgan «Firibgarlar» serialining muvaffaqiyatidan ilhomlanib, Qozog‘iston jamiyatidagi yana bir jiddiy muammo – giyohvand moddalarni iste’mol qilish va tarqatish bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatishga qaror qilgan.
«Serialning maqsadi juda arzonligi va tez topilishi tufayli qozog‘istonlik yoshlar orasida mashhur bo‘lgan sintetik giyohvand moddasi bo‘lgan mefadron iste’mol qilishning dahshatli oqibatlarini ko‘rsatishdir», deydi Saida.
Syujyet
Serial syujyeti markazida o‘z mavzesini narkotik sotuvchilardan tozalashga qaror qilgan do‘stlar – uch sportchi yigit turadi va voqealar zanjiri ularga bog‘lanadi.
Do‘stlardan biri otasini, ikkinchisi sevgan qizini giyohvand moddalar tufayli yo‘qotadi va shundan so‘ng giyohvandlikka qarshi kurashishga ahd qilishadi.
Ular giyohvandlik vositasi bo‘lgan tabletkani yetkazib beruvchi shaxslarning iziga tushishadi va ularni ushlab obdon kaltaklashadi. Yigitlar jarayonni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishadi.
Shunda uch do‘stning giyohvand moddani yetkazib beruvchilarni ayovsiz kaltaklashayotgani «mefa» (mefadron) tarqatuvchi uyushgan jinoiy guruh rahbariga ham, politsiyaga ham ma’lum bo‘ladi.
Shundan so‘ng yovuzlikka qarshi kurashuvchi bu oliyjanob uch do‘stni politsiya qidira boshlaydi – maqsad ularni rag‘batlantirish va jinoyatchilardan himoya qilish.
Ikkinchi tomondan ularni uyushgan jinoiy guruh izlashga tushadi – jinoyatchilar o‘z yo‘llariga g‘ov bo‘layotgan yigitlarni yo‘q qilishni xohlashadi. Biroq har ikki tomon ham harakatlari hech qanday natija bermaydi va yigitlarni topishning iloji bo‘lmaydi.









