11:23 / 18.04.2021
10729
«Bizda tajriba bo‘lmagan» - vazir Shahrisabzdagi qurilishlardan oldingi vaziyat va YuNeSKO ro‘yxatida qolish uchun qilinayotgan ishlar haqida gapirdi
Foto: Wikipedia

Bir necha yilki Shahrisabz shahri YuNeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatida qolishi masalasi savol ostida turibdi. Yaqindagina YuNeSKO vakillari shaharda bo‘lib, tarixiy yodgorliklar holatini o‘rganib ketishdi.

2019 yil Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasida ham mazkur masala tanqidiy ko‘rib chiqilib, Shahrisabz «yo‘q bo‘lish xavfi ostida qolgan obektlar» ro‘yxatida qoldirilgan edi.

Bu muammoning yuzaga kelishi 2016 yilda mazkur tarixiy shaharda YuNeSKO bilan o‘zaro kelishilmay keng miqyosda qurilish ishlari olib borilgani bilan bog‘liq.

2019 yilda YuNeSKO tomonidan Shahrisabz tarixiy majmuasini saqlab qolish uchun bir qator tavsiyalar va ikki yil muddat berilgan. Yaqinda ana shu muddat o‘z nihoyasiga yetadi va shaharning YuNeSKO Butunjahon madaniy merosi tarkibida qolish-qolmasligi hal bo‘ladi.

Xo‘sh, shahar qanday qilib nufuzli tashkilot ro‘yxatidan chiqish darajasiga kelib qoldi? Endi Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatida qolish uchun qanday aniq ishlar qilinyapti? Kun.uz muxbiri ayni vaqtda Samarqandda bo‘lib turgan Qurilish vaziri Botir Zokirovga shu savollar bilan murojaat etdi.

«Shahrisabzdagi qurilishlarda o‘zim ham qatnashganman. Bitta katta muammolarning biri shu. U yerda bo‘lgan asosiy muammo – loyihalar o‘z vaqtida YuNeSKO bilan kelishilmagani. Loyihaga taklif ishlanadi, keyin uni YuNeSKO tizimidagi tashkilotlar ekspertiza qiladi. Shundan so‘ng loyihalarni qaytadan ishlashga yordam beradi... Bu ishlarga ikki yil vaqt ketadi.

Misol uchun, biz hozir Xiva shahrida ishlayapmiz, taqdimot ham qilishimiz mumkin. Unda taklif ishlanadi, arxeologik ekspertiza olinadi, juda ko‘p tartiblari bor. Bularning bari amalga oshirilgach, YuNeSKO ruxsatidan keyin ish boshlanadi. Shu sababdan Xivada ikki yildan buyon ishlayapmiz.

Shahrisabzda esa, qo‘pol qilib aytganda, o‘sha vaqtda bizda bu tajriba bo‘lmagan. Madaniyat vazirligi tomonidan qilinadigan hujjatlar ham o‘z vaqtida ishlanmagan. Shu sababdan ana shu muammo kelib chiqqan.

O‘ylaymanki, Shahrisabz YuNeSKO ro‘yxatidan chiqib ketmaydi», – dedi vazir.

Botir Zokirov Shahrisabz shahridagi qurilish ishlaridan oldingi vaziyatni ham sharhlab o‘tdi.

«Men qurilishlardan oldin u joyda o‘zim bo‘lganman, qo‘pol qilib aytganda, yarim sotix joyda yettita oila yashardi. Kirganda qo‘rqib ketganman, odamlarning rangi sarg‘ayib ketgan. Ana shu uylarni buzayotganda bir narsaga guvoh bo‘ldim. Odamlar bir necha yildan buyon yashayapti, ichkarida hech qanday sharoit yo‘q, na suv tarmog‘i, na kanalizatsiya, madaniy biror narsa bor, chidash qiyin. Lekin odamlar yashayapti. Ularning hammasiga kompensatsiya, yer, uy-joy berildi.

Endi odamlar ko‘chib chiqqach, u yerning ostini o‘rgansak, uch qavatdan iborat qabrlar chiqyapti. Uch qavat! Qanday qilib bunday yashash mumkin edi? Qashqadaryoda bunday muammolar ko‘p. Xo‘jai Jarrohda ham restavratsiya ishlari ketayotganda bunga guvoh bo‘lgandik. Uch qavat qabrning ustida odamlarning yashashi, menimcha, to‘g‘ri emas.

To‘g‘ri, YuNeSKO qanday bo‘lsa shunday qolishini aytadi. Toshdan qilingan binolarni buzmaslik bo‘yicha muammo yo‘q. Lekin biz aytgan uylar eng ko‘pi 150 yillik oddiy loy, paxsa va sinch uylar. U yerda termit muammosi bor, uylarning hammasi «charchagan». Ularni uzoq vaqt saqlab bo‘lmaydi. Mana shu sababdan biz loyiha qilib, shaharning tarixiy o‘qini ochdik. Buni ham hammasini hisobga olib qilganmiz. 7-8 oy muhokama bo‘ldi.

Bizda hozir maxsus skanerlar bilan 40 metrgacha yer ostini o‘rganish imkoni bor. Ana shu uskunalar bilan hududni o‘rganib, topilgan qadimiy bino qoldiqlarini korservatsiya qilib qo‘yganmiz. Tarixiy o‘q ochilgan.

Endi sharoitlar ham bor, kanalizatsiya, vodoprovod ham qilingan. YuNeSKOning talabini bajarish kerak, lekin odamlarga ham sharoit qilish kerak edi», dedi qurilish vaziri.

Top