O‘zbekiston | 16:20 / 20.04.2021
3768
3 daqiqa o‘qiladi

Atrof-muhitni ifloslantiruvchi tog‘-metallurgiya kombinatlari qariyb 1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘laydi

2021 yil 15 iyuldan boshlab tog‘-metallurgiya sohasidagi yirik kombinatlarga yillik kompensatsiya to‘lovi 1 mlrd 75 mln so‘m etib belgilandi.

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududida atrof-muhit ifloslantirilgani va chiqindilar joylashtirilgani uchun kompensatsiya to‘lovlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Nizomga ko‘ra, kompensatsiya miqdori ko‘paytirilgan va imtiyozli turlarga bo‘linadi. Ya'ni sanoat korxonalariga atmosferaga chiqarilayotgan chang va gazlarni ushlab qoluvchi uskunalar joylashtirilgan bo‘lsa, to‘lov miqdori kamaytiriladi. Aks holda oshiriladi.

«Oldin belgilangan bazaviy tarifga asosan, tog‘-metallurgiya sohasidagi yirik kombinatlardan birining yillik kompensatsiya to‘lovi o‘rtacha 313 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, yangi stavkalar bo‘yicha hisoblanganda bu ko‘rsatkich 1 mlrd 75 mln so‘mga yetishi kutilmoqda.

Suv obektlari, joy relefi, kanalizatsiya tarmoqlaridagi ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik, chiqindilarni joylashtirganlik uchun belgilangan kompensatsiyalarning bazaviy stavkalari avvalgi ko‘rsatkichlardan deyarli o‘zgartirishsiz qoldirildi.

Sanoat korxonalaridagi chang-gazlarni tozalash uskunalari eskirgan. Hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalarida mavjud ana shunday uskunalarning samaradorligi atigi 86 foizni tashkil etmoqda. Qonunda samaradorligi 99 foizdan kam bo‘lmagan qurilmalar o‘rnatishni ta'minlash belgilangan. 

Biroq atrof-muhitga chiqarilgan zararli moddalarning kompensatsiyasi miqdori yuqori bo‘lmagani sababli korxonalarning aksariyati ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish maqsadida zamonaviy tozalash uskunalari o‘rnatish o‘rniga bunday zarar keltirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarini to‘lashni afzal ko‘rayotgan edi. Endi ishlab chiqaruvchilar uchun korxonadan chiqayotgan chang va gazlarni ushlab qoluvchi uskunalar o‘rnatish kompensatsiya to‘lashdan ko‘ra arzonga tushadi va atrof-muhit uchun ham foydali bo‘ladi», dedi u.

Ma'lum qilinishicha, mazkur nizom talablari 2021 yil 15 iyuldan boshlab kuchga kiradi. Hujjatda belgilangan chora-tadbirlar bajarilsa, 2030 yilgacha atmosferaga zararli moddalar chiqarilishi 10 foizga kamayishiga erishiladi. 

Mavzuga oid