20:25 / 20.04.2021
36740
Mehnat vazirligi Shuhrat G‘aniyev rahbarligida yakshanba kuni o‘tkazilgan yig‘ilishga munosabat bildirdi

Qayd etilishicha, ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlarida xodimlar ishga jalb qilinganda ularga kamida ikki hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanishi lozim.

Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev rahbarligida yakshanba kuni o‘tkazilgan yig‘ilish yuzasidan Mehnat vazirligi munosabat bildirdi.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq, ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlarida xodimlar ishga jalb qilinganda, ularga mazkur tashkilotning jamoa shartnomasida belgilangan, lekin kamida ikki hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanishi lozim.

Yoxud ishdan tashqari ish vaqtida yoki dam olish kunida ishga jalb qilingan xodimlarga ish soatlariga mutanosib ravishda otgul (qo‘shimcha dam olish kuni) berilgan bo‘lsa, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanadi.

Yakshanba kuni o‘tkazilgan videoselektorda ishtirok etgan barcha tashkilot xodimlari o‘z mehnat vazifalariga kiradigan masalalar yuzasidan dam olish kunida ishga jalb qilingan.

Vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash maqsadida tegishli hokimiyat, vazirlik va idoralarga dam olish kunida xodimlarni ishga jalb qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirish hamda tegishli to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.

Shu bilan birga, vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan hozirgi kunga qadar ishdan tashqari va dam olish kunlarida xodimlarni ishga jalb qilish yuzasidan 300 dan ortiq monitoringlar o‘tkazilgan bo‘lib, o‘rganishlar davomida qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida tashkilot va idoralarga 150 dan ortiq yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»dagi rejalashtirilgan vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan selektorda mahalla raislari va uchastka nozirlarini hokimiyatga majlisga chaqirishni qat'iyan taqiqlash bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Top