O‘zbekiston | 20:13 / 14.02.2025
22396
6 daqiqa o‘qiladi

Fermerlar minimal narxda shartnoma tuzishga majburlanyapti. Sohadagi islohot qarshilikka uchramoqda

Yanvar oyida fermerlarga klasterlarni erkin tanlash huquqi berildi. Fevralda esa kooperativlar to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi. Lekin bu hujjatlarda yozilgan erkinliklar fermerlar uchun amalda orzuligicha qolmoqda.

2025 yil 17 yanvar kuni imzolangan prezident farmoni bilan, paxta yetishtiruvchilarga hududiy miqyosdagi xaridorlarni erkin tanlash huquqi berildi. Unga ko‘ra, fyuchers shartnomalari 1 noyabrdan 1 iyungacha bo‘lgan muddatda tuziladi. Bu vaqt davomida klasterlar belgilangan minimal miqdordan past bo‘lmagan narx taklifini birjaga joylaydi, fermerlar esa o‘ziga ma’qul taklifni tanlab, shartnoma tuzadi.

Farmonda paxtani o‘z hisobidan yetishtirganlarga subsidiya ajratilishi ham belgilangan. O‘z hisobidan yetishtirmoqchi bo‘lgan fermerlar, masalan, kooperativga birlashishi mumkin. Kuni kecha, 2025 yil 12 fevraldan e’tiboran “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Paxtachilikda bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan bu harakatlarni fermer va dehqonlar, iqtisodchilar, jamoatchilik faollari ijobiy qarshi oldi. Ammo yangi belgilangan o‘yin qoidalarining amalda ishlab ketishi oson kechmayapti.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, respublika bo‘ylab fermerlarni birjadagi boshlang‘ich narxga rozi bo‘lgan holda mahalliy klasterlar bilan fyuchers shartnomalari imzolashga majburlash holatlari kuzatilmoqda. Ayrim tumanlarda mas’ullar fermerlarning birja platformasiga kirish login-parollarini olib qo‘yib, ularning nomidan shartnomalar tuzayotgani aytilyapti.

Fyuchers shartnomasini aynan hozir imzolashni istamagan fermerlar bosimga uchramoqda. Farmonda fyuchers bitimlari 1 iyungacha tuzilishi belgilanganiga qaramay, paxta yetishtiruvchilar tezroq shartnoma qilishga majburlanmoqda. O‘z navbatida, Kun.uz manbasi taqdim etgan videoda, soha rahbari Shuhrat G‘aniyev shartnomalar tezroq tuzilishi uchun selektorda mahalliy amaldorlarni shoshirayotganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatlardan biri – Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan. Murojaat qilgan 11 nafar fermer yaqinda chiqqan qonunga muvofiq qishloq xo‘jaligi kooperativini tuzishgan – o‘z shaxsiy mablag‘lariga paxta yetishtirish uchun. Ammo ularni klaster bilan paxta yetishtirishga majburlashyapti.

Ko‘p yillardan beri fermermiz: Denovda, keyin Qumqo‘rg‘onda fermerlik qildik. Keyin klasterga o‘tkazishdi, klaster pulimizni bermay bankrot qilib tashladi bizni. O‘tgan yili prezidentimiz yaxshi qaror chiqardi – kooperativlar haqida, shu qarordan foydalanib, bir nechta fermer birlashib, kooperativ tuzishga qaror qildik, o‘z pulimizga paxta yetishtirish uchun. Ammo bizga to‘sqinlik qilishyapti, noqonuniy bosimlar ostida qoldik”, – deya hikoya qiladi qumqo‘rg‘onlik fermerlardan biri.

Hokimiyat, ichki ishlar, prokuratura bizga bosim qilib, 7720 so‘mdan klaster bilan shartnoma qilishga majburlashyapti. Bugun bu ishga viloyat prokuraturasi ham aralashdi. Bizlarni bir xonaga kirgizib, kun bo‘yi ushlab o‘tirishdi”, – deydi boshqa bir fermer.

Kun.uz bilan bog‘langan qumqo‘rg‘onlik fermer tumandagi aksariyat paxta yetishtiruvchilar bosimlar ostida minimal narxda shartnoma tuzishga majbur bo‘lganini aytadi.

7720 so‘mdan shartnoma qilasanlar, paxtangni klasterga topshirasan, deb bosim qilib yotishibdi. 12 ta fermerni bir xonaga qamab o‘tirishibdi kun bo‘yi. O‘zi tumanda majburlov orqali shartnoma tuzmagan 14 ta fermer qolgan, qolganlari tuzib bo‘ldi mana shu minimal narxda. Kelasi yil hamma fermer bankrot bo‘ladi.

Kooperatsiyangni yig‘ishtir deyishyapti. Kooperatsiyalar to‘g‘risidagi qonunni chetga uloqtirishyapti. Narx bizga to‘g‘ri kelmaydi desak, e’tibor ham bermaydi. Bizning moliyaviy ahvolimiz hech kimni qiziqtirmaydi. 12 kundan beri melisa ishlayapti. Ishlarni bo‘lib olishgan: melisa fermerni topib keladi, prokuratura pul to‘lattiradi – birja a’zolik to‘lovini, parol-klyuchlarni olib qo‘yishadi va bo‘lajak paxtani birjaga qo‘yishadi. Zo‘rlovga rozi bo‘lmagan bizlarni alohida tekshirishyapti, kamchilik topish uchun”, – deydi u.

Bizga kelib tushgan videoda Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishida quyidagilarni aytadi:

Paxta xomashyosi uchun shartnomalarni tuzib qo‘ysak, avans chiqadi. Avans qachon keladi? Shartnomani tuzish kerak! O‘tgan yili og‘ir bo‘ldi, shartnoma tuzilmasdan. Bu yil shartnomani tuzib qo‘y! Tumanda paxta 30 ming tonna bo‘lsa, 35 ming tonnaga tuzib qo‘y. Samarqandda, Shunqor Farmonovich, 261 mingdan 115 ming bo‘libdi birjaga yuborilgan tonna bor-yo‘g‘i. Nima muammosi bor? Buni hech qanaqa spot qilmanglar. Mablag‘ kerakmi, fyuchers tuzsin”, – deydi G‘aniyev.

Bu o‘rinda savol tug‘iladi: G‘aniyevning maqsadi islohotlarni, sohani bozor relsiga o‘tkazish jarayonini diskreditatsiya qilish, foydasiz qilib ko‘rsatish va eski holiga qaytarishmi? Fermerni qachon tinch qo‘yamiz?

Nega bu haqda gapirish muhim? Chunki qishloq xo‘jaligi – O‘zbekistonning eng muhim iqtisodiy-ijtimoiy tarmoqlaridan biri. Sohani to‘g‘ri isloh qilish minglab emas, millionlab odamlarning hayotiga ijobiy ta’sir qiladi.

Nahot islohotga to‘siq bo‘layotganlar to‘p-to‘p muammolarni keyingi avlodga qoldirayotganini, keyingi avlodni ham ovora qilishayotganini anglashmasa?

Shokir Sharipov

Mavzuga oid

E`lonlar