23:33 / 20.04.2021
1165
Navoiyda temir yo‘l tizimida haydovchi bo‘lib ishlaydigan shaxs dizel o‘g‘irlab sotayotganda ushlandi
Foto: IIV axborot xizmati

Navoiy viloyati Karmana tumanida temir yo‘l tizimida haydovchi bo‘lib ishlaydigan shaxs dizel o‘g‘irlab sotayotganda ushlangan. Bu haqda IIV Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 18 aprel kuni soat 5:30lar atrofida Navoiy viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi post-patrul xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tungi reyd davomida «Binokor-Malik» temir yo‘l bekatlari oralig‘i 3901-kilometrida amalga oshirilayotgan o‘g‘rilik jinoyati fosh etilgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli maxsus mexanizatsiyalashtirilgan yo‘l stansiyasida haydovchi bo‘lib ishlovchi, Karmana tumani Toshrabot mahallasida yashovchi 1970 yilda tug‘ilgan, T.Q. o‘z boshqaruvida bo‘lgan MAZ yuk mashinasi yonilg‘i bakidan 13 dona 20 litrli hajmdagi yelim idishlarda jami 260 litr dizel yonilg‘isini talon-toroj qilib, mahalladoshi, 1995 yilda tug‘ilgan K.B.ga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur ish bo‘yicha hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top