18:07 / 22.04.2021
9054
Lotin yozuvidagi qozoq alifbosi loyihasi e'lon qilindi

Qozog‘iston prezidentining «Qozoq tili alifbosini kirill yozuvidan lotin yozuviga o‘tkazishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Tengrinews xabariga ko‘ra, agar farmon Qozog‘istonda davlat rahbari tomonidan imzolansa, lotin yozuviga asoslangan qozoq tilining yangi alifbosi rasmiy ravishda tasdiqlanadi.

Yangi alifboda digraflar, ya'ni bitta tovushni ikki yoki undan ortiq belgilar bilan belgilash ishlatilmaydi.

«Shuni ta'kidlash kerakki, alifboning yangi tahririda mamlakat prezidentiga 2021 yil yanvarida taqdim etilgan versiyaga nisbatan «Ң» harfi yozilishi boshqacha. Davlat rahbarining farmoniga ilovada «yң» tovushi lotin yozuvida «Ñ» deb ko‘rsatilgan. Qosim-Jomart To‘qayevga taqdim etilgan jadvalda harf «Ƞ»deb belgilangan», deyiladi xabarda. 

Hujjat muhokamasi 2021 yil 6 mayga qadar davom etadi. 2023 yildan 2031 yilgacha yangi alifboga bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning mart oyi o‘rtalarida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat bo‘ladi. Endilikda ushbu o‘zbek-lotin alifbosidagi ko‘pchilik tomonidan munozarali deb hisoblangan o‘, g‘ harflari, shuningdek, sh, ch qo‘shharflari yangicha ko‘rinishlarda yoziladi.

Top