17:43 / 23.04.2021
10691

Chet elda yurgan 1,5 mingdan ziyod fuqaroga jamoat ishlarida qatnashdi deb 1,4 mlrd so‘m yozilgan - Norboyeva

Chet elda yurgan 1,5 ming nafardan ziyod fuqaroga jamoat ishlarida qatnashdi deb 1,4 mlrd so‘m yozilgan, vodiy tumanlarida paxta terimida qatnashmaganlarga millionlab mablag‘ ish haqi sifatida to‘lab yuborilgan. Bu haqda Senat yalpi majlisida Tanzila Norboyeva ma'lum qildi.

“Hisob palatasi hisobotida ko‘plab soha va yo‘nalishlardagi ishlarning haqiqiy holati ochib berilganligini ko‘rdik. Albatta, ko‘p ishlar qilingan, muayyan natijalarga erishilgan. Biroq, ayrim jihatlar borki, ularga jiddiy yondashish zarur.

O‘tgan yilgi pandemiya davri barchamiz uchun sinov bo‘lganini ko‘p bora ta'kidladik. Afsuski, ana shunday og‘ir vaziyatda ayrim sohalarda tor manfaatlarni ustun qo‘yish holatlari ham kuzatildi. Birgina kasallikka qarshi kurashish tadbirlari hamda tibbiyot va karantin muassasalarini qurishda 367 mlrd so‘mdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qimmat narxlarda shartnomalar tuzilgan. Ayrim hollarda mablag‘lar umuman boshqa yo‘nalishlarga sarflangan”, deydi Senat raisi.

Ma'lum qilinishicha, aholi bandligini ta'minlash masalasida mahalliy budjetlarning prognozdan orttirib bajarilgan qismi salmoqli miqdori (40 foiz) aholini ish bilan ta'minlash maqsadlariga yo‘naltirilishi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda ushbu vazifaga mas'uliyatsizlik bilan qaralgan.

“Buni qanday tushunish kerak? Andijonda umuman mablag‘ ajratilmagan. Toshkent viloyatida 3 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ ishlatilmasdan bankda saqlab kelingan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyati ham talabga javob bermaydi. Jamg‘arma faqatgina davlat budjetiga qarab qolgan. Boshqa muqobil manbalarni (xalqaro grantlar, homiylar, donorlar va h.k.) jalb etish bo‘yicha harakatlar yo‘q. 

Chet elda yurgan 1,5 ming nafardan ziyod fuqaroga jamoat ishlarida qatnashdi deb 1,4 mlrd so‘m yozilgan yoki vodiy tumanlarida (Toshloq, Kosonsoy) paxta terimida qatnashmaganlarga millionlab mablag‘ ish haqi sifatida to‘lab yuborilganini mutasaddilar nima bilan izohlashadi?” dedi Tanzila Norboyev.   

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlarida ishga joylashganlar sonini oshirib ko‘rsatish yoki avvaldan ishlab kelganlarni yangi ishga joylashgan deya qayd etish holatlari kuzatilgan. 

“Bu o‘z-o‘zini aldashdan boshqa narsa emas”, deydi Senat raisi.

Bundan oldin, Tanzila Norboyeva Xalq ta'limi vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari tizimida hududlarda kuzatilgan moliyaviy xato va mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish holatlari haqida gapirgandi.

Top