22:37 / 25.04.2021
10959

«Manchester Siti» «Tottenhem»ni mag‘lub etib, Liga Kubogini qo‘lga kiritdi

Angliya Liga Kubogi finalida «Manchester Siti» va «Tottenhem» klublari o‘zaro to‘qnash kelishdi.

Bellashuvning 82-daqiqasida «shaharliklar» markaziy himoyachisi Laport tomonidan kiritilgan gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi. 

«Manchester Siti» qatorasiga 4-mavsumda ham Liga kubogini qo‘lga kiritmoqda, jamoa Xosep Gvardiolagacha bo‘lgan tarixida ham to‘rt bor ushbu sovringa ega chiqqandi va endilikda bu turnirda g‘olib bo‘lish bo‘yicha «Liverpul»ning rekordi takrorlandi. Mersisaydliklar ushbu kubokni so‘nggi bor 2012 yilda qo‘lga kiritgan.

«Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola uchun bu murabbiylik faoliyatidagi 30-sovrindir – u 2008 yilda «Barselona»da bosh murabbiylik faoliyatini boshlagandi. «Barsa»da Pep jami 247 o‘yin o‘tkazib, 14 sovrin yutib olgan, «Bavariya»da – 161 o‘yin va 7 sovrin, «Siti»da esa – 285 o‘yin, 9 sovrin. U «Siti» bilan ikki marta APL g‘olibi bo‘lgan, Angliya Ligasi kubogida 4 g‘alabaga erishgan, 1 marta Angliya Kubogini, 2 marta Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgan.

«Tottenhem» ko‘p yillardan buyon umuman sovrinsiz qolmoqda, londonliklar so‘nggi marta 2008 yilda – aynan Angliya Ligasi Kubogida zafar quchgandi.

Angliya Liga Kubogi. Final
Manchester Siti — Tottenhem 1:0

25 aprel, «Uembli»
Gol: Laport (82).
Manchester Siti — Steffen, Uolker, Laport, Diash, Kanselu, Fernandino (Rodri, 84), Gundo‘g‘an, De Bryuyne (Silva, 87), Mahrez, Foden, Sterling.
Tottenhem — Loris, Alderveyreld, Regilon, Ore (Bergveyn, 90), Dayyer, Lo Chelso (Sissoko, 67), Hyoyberg (Alli, 84), Uinks, Moura (Beyl, 67), Son, Keyn.

Top